Get Mystery Box with random crypto!

Tafakkur qilmaydilarmi? Fikrlaydigan va fikrlamaydigan odamni | Aziz Rahimov

Tafakkur qilmaydilarmi?

Fikrlaydigan va fikrlamaydigan odamning natijalari bir necha barobar farq qilishini ko’p ko’rdim.

Ko’p joyda qattiq mehnat, pul, mashhurlik bilan emas, fikrlab harakat qilish orqali o’tib ketganlarni ko’rdim.

Dinimiz bizni tafakkurga undaydi. Eng buyuk odamlar tafakkurni foydalarini tinmay gapirishadi.

Savol: fikrlashni boshlash uchun nima qilish kerak?

Fikrlash asli qiyin ish — ko’p energiya talab qiladi. Tashqaridan bekorchilikka o’xshaydi. To’g’ri fikrlayapsanmi yoki yo’q — bittada bilish qiyin.

Qiyin ishlarni bajarishni eng zo’r usuli — ularni qiziq ishga aylantirish.

Fikrlashni qiziq mashg’ulotga aylantirishni esa 2ta yo’li bor.

1. Ko’p ilm olish (kitob, suhbat, darslar, kuzatuvlar)
2. Undan qiziqroq mashg’ulotlardan voz kechish

Fikrlar kuchayishi uchun kamida 5-6 yil tinmay ilm olish kerak. Ba’zan bu ham kam.

Lekin bu uzoq muddat. Hamma narsani tez bo’lishiga o’rganganmiz-ku!

Demak bizga ikkinchi usul qolyapti.

Fikrlashdan qiziqroq ishlar: Lentani doimiy varaqlash, videolar ko’rish, kanallarni kuzatish, yangiliklarni o’qish, g’iybat qilish.

Shularni 48 soatga to’xtatib ko’r.

Avvaliga qiyin bo’ladi. Teri ostingda jimirlash sezasan. Telefoninga talpinasan.

6 soatdan so’ng Dofamin darajasi normal holatga qaytadi. 12 soatdan so’ng kuzatuvchanliging oshadi. Daraxtdagi barglarni, eshikdagi qiyshiq yozuvni, devorindagi o’rgimchakni ko’rishni boshlaysan.

Kuzatuvchanlik savollarni tug’diradi. Savollarga ichingdan javoblar kelishni boshlaydi. Javob olishga google kira olmaysan. Yana ichingdan qidirishni boshlaysan.

Tabriklayman. Fikrlashni boshlading.

Uyog’ini tushuntirish shart emas. Bir marta tafakkurning mazasini totgan odam, buni unutmaydi. Birinchi usulni qo’llab fikrlarini kuchaytirishni xohlab qoladi. Amallab yana tafakkur qilish yo’llarini izlaydi.

Uyog’i Rumi aytganlaridek: “Sen izlayotgan narsa seni ham izlayapti” bo’ladi.

@azizrakhimov_blog