Get Mystery Box with random crypto!

Bilmadim, dunyoda shuncha yo'l yurib, Qanday zavq beroldim qad | Azamat Yuldashev || shaxsiy blog

Bilmadim, dunyoda shuncha yo'l yurib,
Qanday zavq beroldim qadamlarga men.
Rosti tushunmadim ko'kragin kerib,
-Yashash oson - degan odamlarga men.

Osonmi kimnidir sevib jon qadar,
Keyin yor-yor aytib, kulib kuzatmoq
Va yo mehridaryo, g'amxo'r otaga,
Ko'zyoshla gul kabi qizin uzatmoq.

Doktorga osonmi operatsiyadan
Boshi xam, yuragi dog' bo'lib qaytish.
"Bardam bo'ling" deyish keyin kimgadir,
"Qo'ldan kelganini qildik"- deb aytish.

Qora xat keltirib yorug' xonaga,
Berolmay ich-eting yeyish osonmi.
Ko'zlari jovdirab turgan onaga
"Farzanding qaxramon" - deyish osonmi.

Osonmi bolalar uyi oldidan
Jajji farzandingni erkalab o'tish.
Yoki seni tashlab ketgan onangni
Endi kelmasligin bilib ham kutish.

Jangohda qonli jang borar mahali
Panada berkinib yotish osonmi.
Yo hali yoshgina, g'o'r dushmaningni
Ko'zlariga boqib otish osonmi.

Osonmi vujuding kamon bo'lgan dam
Ming minnatin tinglash ichgan choyingni.
Va so'ngi nafasing olish oldidan
Taqdirin o'ylamoq kenjatoyingni.

Dunyoning holiga bo'lmaydi yig'lab,
Qolimdan kelmaydi undan kulish ham.
Yashash-ku osonmas ko'ksingni tig'lab,
Osonmas dunyoda hatto o'lish ham.

Mayli o'qimasin she'rimni hech kim,
Mayli gazetlarda shart emas bosish.
Menga ham osonmas shularni o'ylab,
Yashash oson deya kulib she'r yozish.