Get Mystery Box with random crypto!

#davomi Yo‘q, biz sevishmadik, Dardlashdik, xolos… Dardlashis | Azamat Yuldashev || shaxsiy blog

#davomi

Yo‘q, biz sevishmadik,
Dardlashdik, xolos…
Dardlashish – sevishish degani emas.
Axir o‘ylab ko‘rgin, azim Toshkanga
O‘qigani keldik, sevgani emas.

Men senga “sevaman” desam, bu – yolg‘on,
Sening ishonganing – eng og‘ir xato.
Chunki sof sevgiga bog‘langan inson,
Sevaman deyolmas yoriga aslo.

Sen menga ishonma,
Ko‘nglim – xiyobon…
Har kun yurib o‘tar undan qanchasi.
Har kecha tinmagan daydi shamolday
Kezar unda ishqning singan parchasi.

Ha, biz sevishmadik,
Ishq ko‘chasidan
Dardkash telbalardek yurib o‘tdik jim.
Taqdirimiz qanday xotima topar?
Aytib berolmaydi hech bir munajjim.

Dardimni yukladim dardingga qo‘shib,
Qalbingdan bosh olib, darbadar ketdim.
Yozgan xatlarimni burdalab tashla!
Senga arzimayman – tushunib yetdim…

biz sevishmadik,
Dardlashdik, xolos…
Dardlashish – sevishish degani emas.
Axir o‘ylab ko‘rgin, azim Toshkanga
O‘qigani keldik, sevgani emas.