Get Mystery Box with random crypto!

#tarixda_bugun 1927 yilning 4 oktyabrida Samarkandda O‘zbekis | 𝘼𝙨𝙡𝙞𝙙𝙙𝙞𝙣 𝙆𝙖𝙢𝙤𝙡

#tarixda_bugun

1927 yilning 4 oktyabrida Samarkandda O‘zbekiston madaniyat xodimlarining qurultoyi bo‘ldi. Unda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Birinchi kotibi Akmal Ikromov Cho‘lpon haqidagi munozaraga ham yakun yasab, shunday deydi: «Bizda Ayn(Olim Sharafiddinov)ning Cho‘lpon ijodi haqidagi maqolasi bahonasida qator munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ayn Cho‘lpon ijodining g‘oyaviy tuturiqsizligini to‘g‘ri ta’kidladi. Bu taqrizning adabiyotshunoslik jihatidan qanday qimmatga egaligi haqida gapirishga jur’at etmayman. Faqat shuni takror aytamanki, mafkura sohasida shunday sog‘lom tanqid bo‘lishi zarurligi shak-shubhasizdir».

Shu tarzda bolshavoylar fatvosi va Aynga o‘xshagan «madaniyat xodimlari»ning fatvosi bilan Cho‘lponning yuziga qora tortildi. U yo‘qsul xalqdan uzoq millatchi ziyolilar shoiri deb e’lon qilindi, ijodi mafkuraviy jihatdan zararli deb topildi. Cho‘lpon ustidan birinchi ma’naviy katliom shu tarzda sodir bo‘lgan edi. taqdirning g‘alati o‘yinini qarangki, oradan ropparosa o‘n bir yil o‘tgach, ayni 4 oktyabr kuni uni otib tashlaydilar.

SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1938 yil 4 oktyabrdan 16 oktyabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbuslar ustidan hukm chiqarilgan. Harbiy Kollegiyaning 1938 yil 4 oktyabrdagi yig‘ilishida otuv jazosiga hukm qilinganlar ro‘yxatini ko‘zdan kechirar ekanmiz, ular orasida Rahim Inog‘omov, Usmonxon Eshonxo‘jayev, Rustam Islomov, Fayzulla Rahimboyev, Akbar Islomov, Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev kabi davlat va jamoat arboblari, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi xalqning ardoqli shoir va yozuvchilari, Gʻozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar ham borligini ko‘ramiz. Ular hukm chiqarilgan kuniyoq, 1938 yilning 4 oktyabrida, qatl etilgan. Bu mudhish kundan oldinroq Munavvar Qori, Botu qatl etilgan edi, keyinchalik shahidlar safiga Usmon Nosir kabi millatning benazir o‘g‘loni qo‘shildi.

O‘zbek xalqining buyuk farzandlari xotirasi oldida bosh egaylik. Oxiratlari obod, ruhlari shod bo‘lsin!

@AsliddinKamalov