Get Mystery Box with random crypto!

#Tanlovga Uzun yo'lak, mo'jaz o'rindiq, Kitob o'qib o'tirar b | ANVAR ESHNAZAROV

#Tanlovga

Uzun yo'lak, mo'jaz o'rindiq,
Kitob o'qib o'tirar bir qiz.
Chehra - quyosh, yulduz - qorachiq.

Goho to'xtab o'y surar yolg'iz,
Uzoqlarga boqar ajabo,
Hayollari yoyilar dengiz.

Atrof yashil, atrof musaffo,
Hayajondan titrab ketar bog',
Mast bo'ladi bo'yidan sabo.

Urinmasin ming bora biroq,
Suqilolmas ko'rgali quyosh,
Qizg'onishar daraxtlar shundoq.

Yurak zarbim meni etar fosh,
U boqadi beparvo, loqayd,
Sizib chiqar tasodifan yosh.

So'ng boshlayman so'zimni shu payt,
Qir-adirdan, dashtdan kelar gap,
Qistiraman kimdandir bir bayt.

Kitobin ham qo'yaman maqtab,
Tezda nutqim bo'lar muxtasar,
Topilmagach ifoda ajab.

Bor olamda shunday tuyg'ular,
His qilinar, sharhlash muammo,
(Tuymoq uni - eng katta zafar).

Baxt chizilmas, ko'rinar ammo,
Kitob o'qib o'tirar bir qiz,
Baxti - uning qalbida Xudo!

Anvar Eshnazarov she'ri

Abdulla Maxmatqul o'qidi