Get Mystery Box with random crypto!

Davlat xaridlariga oid tartib-taomillar buzilganligi yuzasidan | Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Davlat xaridlariga oid tartib-taomillar buzilganligi yuzasidan Namangan viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritildi

Internet nashrida Namangan viloyatidagi noqonuniy qurilayotgan davlat buyurtmalari yuzasidan eʼlon qilingan holat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻrganildi.

Aniqlanishicha, Namangan viloyat hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida 2021-yil 26-mart kuni tender.mc.uz platformasi orqali viloyat teleradiokompaniyasi uchun yangi bino va yordamchi xonalar qurish boʻyicha tender oʻtkazilgan.

Xarid komissiyasi yigʻilishining 2021-yil 26-apreldagi bayonnomasi bilan ushbu tenderda “Uychi Mega Stroy” MCHJ gʻolib deb topilgan.

Pudratchi tomonidan loyiha-smeta hujjatlari va shartnomada koʻrsatilgan ishlar toʻliq bajarilib, Namangan shahar hokimining 2021-yil 30-dekabrdagi qaroriga asosan obyekt foydalanishga topshirilgan.

Viloyat hokimligi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotga koʻra, joriy yilning avgust oyida viloyat teleradiokompaniyasi hududida qurilish-taʼmirlash ishlari emas, balki maxsus texnika jalb qilingan holda oyna tozalash va obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, mazkur obyektda 2-navbat qurilish taʼmirlash ishlarini boshlash uchun 2022-yil 16-avgustda “Namangan viloyat teleradiokompaniyasining mavjud bino va inshootlarini mukammal taʼmirlash obyekti boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash yuzasidan davlat xaridlari elektron tizimi operatori orqali eʼlon berilgan boʻlib, viloyat hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi xarid komissiyasining 2022-yil 24-avgust kungi bayonnomasiga koʻra “Ziyoli loyiha” xususiy korxonasi ushbu tanlash gʻolibi deb topilgan.

Bundan tashqari, oʻrganish mobaynida buyurtmachi tomonidan 2 qavatli radiouzel binosining tom qismini mukammal taʼmirlash ishlari loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilmagan va shartnomada koʻrsatilmagan bo`lsada “Uychi Mega Stroy” MCHJga topshirilganligi hamda bu bilan Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari buzilganligi aniqlanib, Namangan viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritildi.

Xabarda keltirilgan maʼlumotlarni oʻrganish hamda yuqorida keltirilgan holatlarga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati

Facebook | Telegram |YouTube|Instagram| anticorruption.uz