Get Mystery Box with random crypto!

Tibbiy uskunalarni qimmat narxlarda sotib olib, budjet mablagʻ | Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Tibbiy uskunalarni qimmat narxlarda sotib olib, budjet mablagʻlarini talon-toroj qilgan tibbiyot muassasalarining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy jazo choralari qoʻllanildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021-yil iyul oyida Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha 10 ta tibbiyot muassasasi tomonidan 75 dona jami 7,8 mlrd soʻmlik tibbiy uskunalar Qarshi shahridagi “D.М.” MCHJdan shartnoma asosida juda qimmat narxlarda budjet mablagʻlari hisobiga sotib olinganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan toʻplangan materiallar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan.

Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan tibbiy uskunalarni asl narxidan 3 mlrd. 150,6 mln. soʻmga qimmat narxlarda sotib olinganligi holati boʻyicha 2021-yil 16-dekabr kuni “D.М.” MCHJ rahbari va Qashqadaryodagi 10 ta tibbiyot muassasasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

(Qashqadaryo viloyati 1-son asab ruhiy kasalliklar dispanseri, viloyat Perinatal markazi, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo viloyat filiali, Nishon tuman Tibbiyot birlashmasi, Qashqadaryo viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Qashqadaryo viloyat Ftiziatriya dispanseri, Qashqadaryo viloyat Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar urush va mehnat faxriylari uchun sanotoriyasi, Qashqadaryo viloyati 2-son asab ruhiy kasalliklar dispanseri, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filiali, Teri tanosil kasalliklari dispanseri)

Misol uchun, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi “Ультразвуковая диагностическая система E-CUBE 8 с 4 датчиками” tibbiy uskunasini 500,0 mln.soʻmga (aslida 251,1 mln.soʻmlik) yoki 200 foizga (249,9 mln soʻm) ustama qoʻyilgan holda sotib olgan.

Shuningdek, viloyat Teri tanosil kasalliklari dispanseri tomonidan haqiqiy bahosi 386,6 mln.soʻmlik tibbiy uskunalarni 944,1 mln.soʻmga xarid qilganligi, ya’ni 557,5 mln.soʻmga yoki 244,2 foizga qimmat narxlarda sotib olinib, budjet mablagʻlari talon-toroj qilinganligi sudning hukmi bilan oʻz tasdigʻini topdi.

Umuman, yuqorida qayd etilgan 10 ta tibbiyot birlashmasida 7,8 mlrd. soʻmlik harid qilingan tibbiy uskunalar bozor bahosiga nisbatan 3 mlrd. 150,6 mln. soʻmga qimmat narxlarda xarid qilinib, budjet mablagʻlari talon-toroj qilinganligi tergov jarayonida aniqlanib, aybdor shaxslardan 3 mlrd. 150,6 mln. soʻm budjetga undirildi.

Mazkur jinoyat ishi doirasida 10 ta tibbiyot muassasasining 11 nafar mansabdor shaxslari hamda “D.М.” MCHJ rahbari Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi tumani sudining 2022-yil 4-avgustdagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan jinoiy jazo choralari belgilandi.

Shuningdek, ular 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Facebook | Telegram |YouTube|Instagram| anticorruption.uz