Get Mystery Box with random crypto!

Oʻzbek tili ham dunyodagi barcha goʻzal tillar qatorida rivojl | Alisher Qodirov

Oʻzbek tili ham dunyodagi barcha goʻzal tillar qatorida rivojlanishi kerak.

Rivojlantirish darajasini oʻzbeklarning ona vatani boʻlgan Oʻzbekistonda oʻzbek tiliga boʻlgan munosabat belgilab beradi.

Bolaning ilk davri uchun muhim hayotiy kashfiyoti: bogʻchada - muloqot, maktabda - bilim begona tilda taklif qilinsa, yilning 365 kunini oʻzbek tili bayrami qilib nishonlasak ham, ona tilimiz rivojlanmaydi, aksincha zaiflashib ketaveradi.

Begona soʻzlarni tushunmagan bola ilk davrdayoq muhim hayotiy koʻnikmalarni boy berib, oʻzligiga xos boʻlmagan begona koʻnikmalarga moslashadi.

Lev Tolstoy aytganidek, “…oʻz millatiga begona odamdan ham baxtsizroq kim boʻlishi mumkin”.

Til bilish fazilatdir. Bolalarimiz oʻzbek, ingliz, rus, arab, fors tillarini mukammal oʻrgansinlar, faqat 10 yoshdan keyin!

Bolaning ongosti, oʻzligiga uygʻun ruhiy dunyosi shakllanadigan ilk davrini begona til muhitida oʻtkazishga majburlash nafaqat pedagogik xato, balki oʻzlikka nisbatan jinoyatdir.

Bu nafaqat Oʻzbekistondagi asosiy millat boʻlgan oʻzbeklar, balki boshqa millatli vatandoshlarimiz uchun ham tegishli masala.

Oʻzbek - oʻzbek, tojik - tojik, qozoq - qozoq, rus - rus tilida savodini chiqarsin. 4 - sinfdan boshlab, oʻzbek tili majburiy, qolgan tillar ixtiyoriy, oʻrganish uchun sharoit yaratilishi kerak.

Boshqa millatli vatandoshlarimiz uchun bogʻcha va maktab qurish, ularni mutaxassis bilan taʼminlashni moliyalashtirmoqchi boʻlgan manfaatdor davlatlarga imtiyoz beraylik.

Biz ham millatdoshlarimiz yashaydigan davlatlarda bogʻcha va maktablar ochish haqida oʻylashimiz kerak.

Millat, til va Vatan Yaratganning omonati boʻlib, tanlanmaydi, nasib qiladi. Ularni avaylash, rivojlantirish va avlodlarga bezarar yetkazish muqaddas vazifamiz boʻlishi kerak.

@alisherQodir