Get Mystery Box with random crypto!

Bir Kechalik Kelinchak ( 2 Qism ) Nasibaning ko'z o'ngida ya | Yurakcham

Bir Kechalik Kelinchak ( 2 Qism )

Nasibaning ko'z o'ngida yana Furqatning jilmayib turishi namoyon bo'ldi. Quloqlari ostida so'nggi gaplari jaranglab ketgandek tuyuldi… Jajjigina yuragi beixtiyor jizillab o'zini karavotga tashladi… Hozir ichida paydo bo'lgan noma'lum dard-hasratlarini kutilmaganda kimgadir aytgisi kelib ketdi… Ichi qizib dast o'rnidan turdi.
— «Dugonam Latofatga aytaman. — o'zicha shivirladi Nasiba. — Qani, nima derkin… Eh, nimaga yo'liqdi o'sha?..
Qiz apil-tapil kiyimlarini almashtirdib, ko'chaga — Latofatlarning xonadoniga chopdi. Dugonasi ulardan besh-oltida hovli narida turardi
— Ha, senga nima bo'ldi, Nasi? — dugonasini quchoqlab oldi Latofat. — Ranging oqarib ketibdimi?..
— Lato, bugun maktabdan kelayotsam…
— Nima bo'ldi? Tezroq gapir!..
— Bugun maktabdan kelayotsam… Bir yigit mashinada kelib yo'limni to'sdi.
— Tegajog'liq qildimi? Yomon odam ekanmi?
— E, yo'-o'q…
— Ha-a, gap buyoqda degin? — ayyorona ko'z qisdi Latofat. — Biluvdim… Sevib qolgan bo'lsang kerak, topdimmi?..
— Bekorlarni aytibsan! — dugonasini qayirib tashladi Nasiba.
— Voy, bu kishimni qaranglar!.. Ana, ko'zlaring aytib turibdi sevib qolganingni!.. Ishonmasang, oynaga qaragin!..
— E, bor-e, o'zingcha fol ochaverasanmi… Jinni bo'libmanmi sevib qolib o'shani?..!
— Xo'sh, unda nega oldimga yugurib kelding? — Nasibaning ko'zlariga yanada qattiqroq tikildi Latofat.
— O'zim… Shunchaki…
— Ana, ko'rdingizmi… Muncha o'zingizni go'llikka solmasangiz, yaxshi qiz? — gapni hazilga burdi Latofat. — Yuragingizdan urgani uchun chopib kelgansiz… Axir kimgadir aytish kerak-ku!.. Oyingizga aytolmaysiz…
— Bas qil!..
Nasiba qanday tez kelgan bo'lsa, shunday shiddat bilan tashqariga otilib chiqib ketdi… Yuzlarining lovillashi hamon bosiladigan emasdi…
Ertasi kuni yana o'sha paytda Nasiba maktabdan chiqdi. Tashqarida — maktabdan ancha naridagi pana joyda uni Furqat kutib turardi. Mashinasi eshigiga suyangancha kechagiday kulimsirab turgan yigitni ko'rib Nasibaning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Nima qilishini bilmay, bir joyda taqqa to'xtab qoldi. Xavotirlanib yonidan gurunglashgancha o'tib ketayotgan maktabdoshlari tomonga o'g'rincha qarab oldi. Hozir haqiqatan qanday yo'l tutishni bilmasdi. Oxiri tavakkal yo'lida davom etdi. Furqat ham mashinasiga o'tirdi-da, kechagi kabi uni ta'qib qilib boraverdi. Shu ko'yi to mahalla boshigacha kuzatib keldi. Nasiba juda xijolatda qoldi. Xayolida o'tkinchilarning hammasi unga qarayotgandek edi…
Mahalla ichkarisiga o'tishgach, Furqat tag'in oldinga o'tib qizning yo'lini to'sib oldi.
— Nega yana keldingiz? — so'radi Nasiba o'tib ketishga intilib.
Furqat sira o'zini yo'qotmay, maqsadga o'tdi.
— Bilmadim… Ketolmayapman mahallangizdan…
— Meni tinch qo'ying!
— Yo'q, — dedi Furqat birdan jiddiy tortib. — Sizni endi tinch qo'yib bo'pman!.. Bilaman, siz hali meni yaxshi tanimaysiz. Ammo ko'rasiz, baribir sizni ishontiraman sevishimga!.. Iltimos, mashinaga chiqing, sizni uyingizgacha kuzatib qo'yaman! Faqat yo'q demang!..
— Hecham-da!.. Men birovlarning mashinasiga chiqib ketaveradigan qizlardan emasman.
— Shunaqami?.. Unda siz dunyodagi eng pokiza qiz ekansiz… Bu gapingizdan so'ng sizga yanayam mehrim ortdi… Iltimos, yaxshilab o'ylab ko'ring. Hademay maktabni ham bitirasiz. Bir bechorani qaqshatib ketmassiz, axir!..
— Siz… Bechoramisiz?.. Siz-a?.. — Nasiba bir yo'l chetida savlat to'kib turgan «Mersedes»ga, bir bashang kiyingan Furqatga nazar tashlab turib kulib yubordi. — Sirayam bechoraga o'xshamaysiz.
— Kimman bo'lmasa?.. E, mashinaga e'tibor qilmang!.. Sizning oldingizda mashina nima bo'pti?!.
— Bo'pti, yaxshi qoling!..
Nasiba bilib turardi. Oyoqlarining o'ziga bo'ysungisi yo'q. Baribir atayin ketmoqchidek yo'lga otlandi.
— Keling, uyingizgacha kuzatib qo'yay!
— Yo'q, rahmat, o'zim yetib olaman.
— Unda qachon uchrashamiz?
— Bilmadim…
Nasiba yo'lida davom etdi. Furqat esa, ancha vaqtgacha uning ketidan qarab turdi va qiz ko'zdan g'oyib bo'lgachgina, mashinasini o't oldirdi…
Katta tezlikda darvoza ro'parasiga kelib to'xtagan «Mersedes»ni ko'rgan soqchilar birdan hushyor tortishdi.

Davomi Bor...

@Yurakcham