2022-08-30 21:05:00
YURAGIMDA YONSA-DA OLOV...
Senga yaxshi koʻrinaman deb,
Koʻylak kiydim egnimga oppoq.
Boʻgʻilsa ham hatto nafasim
Taqib oldim qalin boʻyinbogʻ.
Yoʻlga chiqdim koʻksim hapqirib,
Oyogʻimda yaltiroq tufli.
Kiyib oldim qop-qora kastyum,
Boʻlgim keldi hammadan koʻhlik.
Senga yaxshi koʻrinaman deb,
Sochimni ming turda taradim.
Oʻz-oʻzimdan koʻnglim toʻlmayin,
Koʻzguga ming bora qaradim.
Sezmagandek oʻtdim beparvo,
Suluv qizlar labin burganda.
Yuragimda yonsa-da olov,
Kulib turdim seni koʻrganda.
Menga yaxshi koʻrinaman deb,
Oppoq koʻylak kiydingmi sen ham.
Boʻlibsan-ku hammadan koʻhlik,
Yo men kabi kuydingmi sen ham.
Qanot yozib tushdim oʻyinga,
Menga qarab kulishing uchun.
Toʻyib-toʻyib ichdim toʻyingda,
Sening baxtli boʻlishing uchun.
Tan olaman, hamma ayb menda,
Sevgimizning boshiga yetdim.
Senga yaxshi koʻrinaman deb,
Toʻying buzmay jimgina ketdim.
Iftixor Xonxoʻjayev
@YOSHAVLODGZT
34 viewsedited 18:05