Get Mystery Box with random crypto!

#iqtibos Fikrlash, gʻoya yaratish, yangilik hosil qilish, oʻ | Muhammadamin's ●BLOG

#iqtibos

Fikrlash, gʻoya yaratish, yangilik hosil qilish, oʻzgacha yaratuvchanlik asosidagi yondashuvlar ishlab chiqish negadir faqat bir qobiq ichida amalga oshirilayotgandek. Modomiki, ijtimoiy - ilmiy potensial bor va mavjud ekan, undan kerakli oʻrinlarda, muayyan fikriy-amaliy boʻshliqlarni toʻldirish uchun foydalanish lozim va lobud. Shu asosda har kim oʻzida bor narsani yuzaga chiqara bilsa, hamda boshqalarni ham shu narsa bilan manfaatlantira olsa, oʻzgarishlar eshigi sekinlik bilan ochila boshlashi aniq. Shu zaylda birlashish, uyushmalarga birikish, tashkiliy maqsadlar belgilab olish foydali boʻlishi mumkin. Balandparvoz va utopik mavzulardan nari yurib, real amalga oshirish mumkin boʻlgan ishlarni belgilab olish va shu boʻyicha harakatlar dasturini yaratish asosiy masala.

Buning uchun har kim oʻz atrofini bir koʻzdan kechirib, intiluvchan, energiyaga boy, pozitiv, ilm olishga ishtiyoqmand insonlarni topishi va ularni maʼlum maqsad ostida birlashtirishi kerak. Qiz bola boʻladimi, oʻgil bolami, farqi yoʻq, bu  asosiy masala emas. Muhimi qandaydir yangilik, gʻoya bilan chiqa olish. An'anaviy fikrlash tarzini itarib tashlash. Ota-onalar farzandlariga buning uchun maʼlum chegaralarni yaratmasdan, erkinlikka ochiq boʻlishlari kerak. Yangilikka talpinuvchan, fikrlash qobiliyatiga ega, intellektuallik belgilari namoyon boʻlib turgan yoshlarni kelajak uchun jalb etish vaqti allaqachon kelib boʻlgan.

Muhammad Dovud