Get Mystery Box with random crypto!

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi 3 yilga qamalg | TOSHLOQLIKLAR-RASMIY

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi 3 yilga qamalgan 21 yoshli Jahongir Ulug’murodov yuzasidan bayonot berdi (to'liq matn)

Bayonotda deyarli yangi gap yo’q. Doimgidek Ichki ishlar jurnalistlar va jamoatchilikni noxolislikda hamda yolg’on xabar tarqatishda ayblagan, shuningdek chiqarayotgan materiallarini tekshirishi kerakligini eslatgan.

Yangi gaplardan biri:

Toshkent viloyati IIBBning aytishicha, Jahongir Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan maʼruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning gʻoyaviy taʼsiriga tushgan va ushbu harakatlarni qoʻllab-quvvatlashni boshlagan.

U, xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov" maʼruzalarini oʻziga tanish boʻlgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shugʻullangan.

Xususan, u tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli nashida ham bo‘lib, unda o‘zbek tilida (arab tilida emas) diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan chorlov so'zlari bo'lgan.

Bayonotning davomida siz-u bizga ma'lum gaplar aytilgan. IIBB xulosa sifatida Jahongirning harakati to'g'ri baholangani, unga nisbatan Kodeksda ko'rsatilganidan yengilroq jazo berilganini ta'kidlagan.

O'zimdan qo'shimcha:

Bayonotda Jahongir bu kabi nashidalarni necha kishiga yoki nechta guruhga yuborgani aytilmagan. Atigi 1 ta guruhga yuborganmidi, yoki 10 ta, 20 ta, 50 ta, 100 ta? Uning maqsadi terroristik tashkilot a'zolarini ko'paytirish bo'lgani ham juda katta ayblov, bu qaysi dalillar bilan isbotlangan ekan-a, qiziq? Yoki o'zi tergovda aytibdimikin, "meni maqsadim terroristik tashkilot a'zolari sonini ko'paytirish edi" deb. Bu biz uchun hozircha jumboq.

Kecha aytganimdek, hukmning qonuniyligi shubha ostiga olinishi mumkin emas, chunki shunaqa mazmundagi nashidani tarqatish taqiqlanganmi, tamom, demak kim tarqatishidan qat'i nazar, u — aybdor. Qonun shunaqa.

Asosiy gap jazoning qay darajada adolatli ekanligida!

Jazoning birlamchi maqsadi — mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish.

Ya'ni IIBB bayonotida aytilgan gaplar rost deb tasavvur qilaylik. Shunda 3 yil qamoqda o'tirib chiqsa, Jahongir kabi 21 yosh bolalar terroristik tashkilot ta'siridan qutilib chiqadimi yoki battar bu yurtni, bu Hukumatni, bu jamiyatni yomon ko'rib, undan nafratlanib chiqadimi? Bunisini bilmadim. Aniq bir narsa deya olmayman.

IIBB bayonotida “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari eslab o'tilgan. Ya'ni Suriyadan terroristik tashkilot tarkibiga haqiqatda a'zo bo'lib, quruq gapda emas, balki amalda jihod qilish uchun urush o'chog'iga ketgan va balki kim bilsin haqiqatda kimlarningdir o'limiga bevosita/bilvosita sababchi bo'lgan yuzlab fuqarolarimiz kechirilib, ular Vatanimizga qaytarildi. Ularni jazolash o'rniga, aksincha uy-joy, ish, moddiy yordam, ruhiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash berildi. Nega? Chunki ular qilmishidan pushaymon bo'lgandi. Bu juda katta jasorat va bag'rikenglik edi. Uncha-bunchasi bunaqa qila olmaydi, qoyil qolish kerak.

O'z yurtimizda esa 21 yosh bolaga diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan nashidani Telegramdan boshqalarga yubording, deb 3 yilga qamadik. Hali jihod qilish uchun Suriyaga ketish tugul, qishlog'idan boshqa joyga chiqmagandi.

Yana va yana qaytaraman: gap bu bolaga noqonuniy ayblov e'lon qilinganida emas, gap jazoning qay darajada adolatli ekanligida.

Ammo berilgan bayonotlar va qo'yilayotgan ayblovlar mazmunidan kelib chiqsak, jazo o'zgarmasdan qolsa kerak. Hech kimda bunaqa niyat yo'q, shekilli.

BARCHAGA DO'STONA MASLAHAT: Shahidlik haqidagi ma'ruzalarni saqlamang, tarqatmang, targ'ib qilmang! Kimdir tarqatsa, uni ham ogohlantiring, unaqa guruhlardan chiqib keting. O'zi umuman diniy ma'ruzalarni faqat O'zbekistondagi ishonchli rasmiy manbalardan eshiting. O'zini asraganni Alloh ham asraydi. Boshqalar qilayotgan xatolardan to'g'ri xulosa chiqarish kerak, hadeb bir xil xatoni takrorlayvermasdan.