Get Mystery Box with random crypto!

​#Arxeologiya_com Mirzo Ulugʻbek qabrining ochilishiga oid ma | TARIX TILSIMI | Husanboy Xoldorov

#Arxeologiya_com
Mirzo Ulugʻbek qabrining ochilishiga oid maʼlumotlar

Shariatga koʻra, shahid boʻlgan kishini yuvish, boshqa kiyim kiydirish, mumyolash butunlay taqiqlangan. M.Gerasimovning fikricha, Ulugʻbek oʻldirilgandan soʻng ancha vaqt mobaynida ochiq havoda qolib ketgan va u yuvilmasdan shu turishicha dafn etilgan. Uning tanasidagi son-sanoqsiz chivin tuxumlarining qoldiqlari shuni koʻrsatib turibdi. Qabrni suv bosganligi uchun liboslar juda yomon saqlangan. Shunga qaramay, V. Kononovning zaxmatkashligi bilan gazlama qoldiqlarini yigʻib olishga erishildi. Uning aniqlashicha, Ulugʻbekning cholvori va koʻylagi paxta va ipakdan toʻqilgan gazlamadan tikilgan ekan. Chunki shariatga koʻra musulmon erkaklari ipakdan tikilgan libos kiyishlari man qilingan. Ipak uning tanasiga tegmasligi kerak boʻlgan. Shuning uchun ham Ulugʻbek liboslarining tagi paxtadan tikilgan. Shariatga koʻra ayollargina ipakdan tikilgan liboslarni kiyishgan. Faqat lashkarlarga jang paytida ipakdan tikilgan libos kiyish mumkin boʻlgan, chunki ipak libos har xil ogʻir jang qurollarini tanani ezishdan saqlagan. Islom olamida yetuk qonunshunos sifatida tan olingan Abu Xanifning fikricha, faqat aralash matodan tikilgan liboslarnigina kiyish mumkin boʻlgan. Oʻrta Osiyoda shariat qoidalariga amal qilish bir muncha buzilganligi uchun yarim ipakdan tikilgan liboslarni keng rasm boʻlgan. Ayrim ayonlar oʻrtasida sof ipakdan yaktak kiyish keng tarqalgan.
Ulugʻbek jasadining yotishi, uni dafn qilingandan soʻng boshqa bezovta qilinmaganligidan darak berib turibdi. Suyaklar anchayin yaxshi saqlangan boʻlib, faqat chap qoʻlining bilak qismi tuzlar yemirishi oqibatida saqlanmagan. Mirzo Ulugʻbek oʻgʻli Abdulatifning buyrugʻi bilan oʻldirilganligi barchaga maʼlumdir. M.Gerasimov Ulugʻbek bosh chanogʻini diqqat bilan oʻrganib chiqib, tigʻning izi uning pastki jagʻiga ham qolganligini aniqladi. Uning fikricha zarb nihoyatda kuchli boʻlib, Ulugʻbek tizzalanga holatda boʻlgan va qotil u bilan yuzma-yuz turib, oʻngdan chap tomonga qarab qilich solgan. Umurtqadagi qolgan izlarga qaraganda, qilich juda oʻtkir va qotil bu borada katta tajribaga ega ekanligi koʻrinib turibdi.

Manba: Amriddin Berdimurodov " Goʻri Amir maqbarasi" ilmiy-ommabop risolasidan.

@TARIX_TILSIMI