Get Mystery Box with random crypto!

Merosdan ulush olmaysizmi? Bir kuni Abu Hurayra (r.a.) Madina | Taqvo Ahli

Merosdan ulush olmaysizmi?
Bir kuni Abu Hurayra (r.a.) Madina bozoriga borib, odamlarga qarata:
– Ey birodarlar! Rasululloh (s.a.v.)ning meroslari tarqatilayotgan bir paytda bu yerda nima qilib turibsizlar? Merosdan ulush olmaysizlarmi? – dedilar.
– Qaerda tarqatilyapti? – so‘rashdi ulug‘ sahobiydan.
– Masjidda...
Bir ozdan so‘ng bozorda hech kim qolmadi. Abu Hurayra esa ularning qaytishlarini kutdilar. Bir ozdan so‘ng odamlar norozi holatda qaytib kelishdi:
– Ey Abu Hurayra, siz aytgandek masjidga bordik. Ammo u yerda hech kimning meros ulashayotganini ko‘rmadik.
– Nahotki hech kimni ko‘rmagan bo‘lsangiz?
– Bir guruh namoz o‘qiyotgan, bir guruh Qur’on tilovat qilayotgan, yana bir guruh halol va harom xususida bahslashayotgan kishilarni ko‘rdik, xolos.
Shunda Abu Hurayra (r.a.) dedilar:
– Uyat, sizlarga, uyat. Axir, Rasululloh (s.a.v.)ning meroslari shu emasmidi?!