Get Mystery Box with random crypto!

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining Kuban davla | Ta'limga oid

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining Kuban davlat tibbiyot universiteti bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar va ularning ota-onalari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan murojaati yuzasidan rasmiy munosabati
 

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Rossiya Federasiyasining Kuban davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda “Davolash ishi” va “Stomatologiya” yo‘nalishida qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilgan.

2019-yil 27-martda ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga muvofiq, o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun Davolash ishi yo‘nalishida 3 yil O‘zbekistonda va 3 yil Rossiya Federasiyasida, Stomatologiya yo‘nalishi uchun 3 yil O‘zbekistonda, 2 yil Rossiya Federasiyasida o‘qishi belgilangan.

Ushbu shartnomaga muvofiq, 2019-2020 o‘quv yilida Stomatologiya yo‘nalishiga 50 nafar, Davolash ishi yo‘nalishiga 50 nafar talabalar qabul qilingan.

2021-2022 o‘quv yili yakuni bo‘yicha Stomatologiya yo‘nalishida tahsil olgan 46 nafar, Davolash ishi yo‘nalishida tahsil olgan 40 nafar talabalar 3-bosqichni bitirib, 2022-yilning 21-avgust kuni Rossiya Federasiyasining Kuban davlat tibbiyot universitetiga o‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i G.Mamatxanova, Xalqaro fakultet dekani M.Ashurova, dekan o‘rinbosari A.Abdug‘aniyevalar boshchiligida yuborilgan.

Joriy yilning 25-avgust kuni Kuban davlat tibbiyot universitetida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining Stomatologiya yo‘nalishi 3-bosqichni bitirgan talabalaridan imtihon olingan. O‘tkazilgan imtihon natijalariga ko‘ra, Stomatologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan 46 nafar talabalardan 25 nafari belgilangan ballni olib, o‘qishni davom ettirishga tavsiya etilgan. Qolgan 21 nafar talabalar belgilangan balldan past baxo olib, imtihondan o‘ta olmagan.

Imtihondan o‘ta olmagan talabalar va ularning ota-onalari tomonidan bildirilgan murojaat bo‘yicha joriy yilning 27-avgust kuni Farg‘ona viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari F.Qosimov, jamoatchilik vakillari hamda ota-onalar ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, muhokama qilindi. Institut ma’muriyati Kursk davlat tibbiyot universiteti ma’muriyati bilan bog‘lanib, imtihondan o‘ta olmagan talabalarning o‘qishini ushbu universitetda davom ettirish bo‘yicha muzokara olib borib, ijobiy hal qilganligi uchrashuv qatnashchilariga tushuntirildi.

Aytish kerakki, imtihondan o‘ta olmagan talabalar Kursk davlat tibbiyot universitetida o‘qishini davom ettirsa, o‘qish uchun belgilangan kontrakt to‘lovi o‘zgarmaydi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, talabalarning yuqorida ko‘rsatilgan universitetlariga borish xarajatlari ham institut tomonidan to‘liq qoplab berilishi haqida ota-onalar va talabalarga tushuntirildi.

Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti

Ta'lim sohasiga oid yangiliklar:
@Talimgaoid