Get Mystery Box with random crypto!

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashk | OLIY TA’LIM YANGILIKLARI

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilmoqda

Prezident qarori (№128 20.04.2023y) bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilmoqda.

Mazkur Respublika markazi:

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 34 ta shtat birligini hamda faoliyati tugatilayotgan Ta’lim sifatini baholashning xalqaro tadqiqotlar milliy markazining 18 ta shtat birligini;

Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazining 10 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga tashkil etiladi.

Markazning asosiy vazifalari qilib:

ta’lim jarayoniga innovasion pedagogik texnologiyalarni, o‘qitishning samarali shakl va usullarini, ta’lim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimlarini joriy qilish;

maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qisqa muddatli, shu jumladan xususiy o‘quv kurslar (keyingi o‘rinlarda - o‘quv kurslari)ning ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

ta’lim tashkilotlarida o‘qitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtirish;

ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagogik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or shakllarini joriy qilish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish uchun shart-sharoit yaratish;

ta’lim tashkilotlaridagi o‘quv-tarbiya jarayonlari va kadrlarni tayyorlash sifatini monitoring qilishda, ta’lim oluvchilarning bilimi ta’lim standartlari va talablariga muvofiqligini tahlil qilishda ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati sohasida xalqaro dasturlar va tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkillashtirish;

ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash;

ta’lim sohasidagi ilg‘or amaliyotni o‘rganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublikada joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantirish belgilandi.

@Talim4