2022-11-19 11:57:44
#payğambarlar_tarixi
Shundan so‘ng, Allohning karami bilan Odamning umrlari ming yil, Dovudning umrlari esa yuz yil komil bo‘ldi.
Odam (a.s.)ning qabrlarini ba’zilar Sarandib(Seylon) dagi Buz tog‘ida, ba’zilar Makkadagi Abu Qubays tog‘idagi g‘orda, deydilar. Ba’zi rivoyatlarga ko‘ra esa Nuh To‘fonidan keyin Baytul muqaddasga dafn etilganlar. (Doktor Shavqiy Abu Xalil. Atlas-ul Qur’on. Bayrut. 2001. 14-bet.)
Odam (a.s.) qissasidan dars va ibratlarOdamning yaratilishi va unga barcha farishtalar hurmat bajo keltirib sajda qilgan holda, Iblis Odamni mensimasdan takabburlik bilan sajdadan bosh tortgani haqidagi qissa Qur’oni karimning turli suralarida qayta- qayta zikr etiladi. Sababi bu qissada musulmonlar uchun bir qator dars va ibratlar mavjud.
1. Insoniyatning boshqa maxluqot va mavjudotlardan ulug‘ligi.
Avvalo, bu qissa orqali Alloh taolo Odamning Yer yuziga xalifa, ya’ni Yer yuzining egasi, xo‘jayini qilib yaratgani xabarini bermoqda.(Baqara, 30.)
Alloh taolo Odamni boshqa maxluqotlarga, hatto farishtalarga ham nasib etmagan moddiy dunyoni bilish va tahlil qila olish qobiliyati, ya’ni ilm bilan ziynatladi, unga kelajakda foydalanish va barchasiga egalik qilish uchun jamiki mavjudotning nomlarini, yaratilish hikmatlarini o‘rgatdi. Mufassir olimlarning fikrlaricha,
«Alloh taolo Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi»,(Baqara, 31.) - oyati karimasida insonga berilgan ilmning hududsiz ekanligiga ishora bor. Odam farzandi, ya’ni inson tajriba orqali hamma narsani tushunish va bilish quvvati bilan butun borliqlarga hokim bo‘lish uchun yaratilgan. Bu oyatda inson bilim darajasining farishtalarnikidan anchayin ustun ekanligi ko‘rsatilmoqda.
Bunday bilim sohibi bo‘lgan Odamning ulug‘ligini bildirish uchun farishtalarni unga sajda qilishga buyurdi.
Bu martaba faqat Odam otaning o‘zinigina emas, balki uning barcha zurriyotlarining ham martabalaridir. Bunga quyidagi oyati karima dalolat qiladi:
«Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot- ulov, kemaga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O’zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik».(Isro, 70.)
Odam farzandlari, ya’ni insoniyat Yer yuzining qaerida bo‘lmasin, millati, jinsi, rangi, tili va dinidan qat’iy nazar teng va mukarramdirlar.
Yer yuzidagi barcha mavjudotlar, maxluqotlar odamzodning tasarrufida bo‘lib, uning uchun xizmat qiladi:
«U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi».(Baqara, 29.)
2. Takabburlikning yomonligi. Insoniyat yaratilishdan boshlab aqlli, go‘zal qaddi-qomatli, ilmli, dunyoga egalik qiladigan darajada fahm-farosatli, barcha maxluqot, hatto farishtalar ham sajda qilib ulug‘lagan martaba sohibidir. Ammo inson bunday ulug‘ martabaga noil etilgan ekan, bundan g‘ururlanib, kibru havoga berilib ketsa, katta xatoga yo‘l qo‘yadi.
Alloh uni shu xatardan qaytarish uchun, uning o‘ziga berilgan hayvoniy nafs tuzog‘iga tushib, Iblisdek kibr- havoga berilmasligi, uni yaratgan, ne’mat bergan zot – Allohni unutmasligi uchun, aslini tuproqdan, qora balchiqdan ajratib olingan yopishqoq loydan yasaganligini takror-takror oyatlarda eslatiladi. Iblisning takabburligi, manmanligi uning o‘ziga qanchalik qimmatga tushgani, Allohning dargohidan va farishtalarning orasidan haydalganini bayon etish bilan Alloh taolo insoniyatni shunday manfur illatdan saqlanishga amr etadi. Chunki, Alloh taolo manmanlikni yoqtirmaydi:
«Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymaydi».(Luqmon, 18.)
6 views08:57