Get Mystery Box with random crypto!

#oʻtmishga #sayohat Mening bolaligim bolalarda samimiylik yoʻ | Subut

#oʻtmishga #sayohat

Mening bolaligim bolalarda samimiylik yoʻqolishining oxirgi yillarida kechgan deb oʻylamayman. Hozir bolalarni uchratish qiyin. Ular yoʻqolib borayotgan turga oʻxshab kun sayin kamayib ketmoqda.

Hozirgi bolalar (bola deb boʻlsa, albatta) oʻzlarining samimiyatini, oʻzlaridagi gʻuborsizlikni arzimas narsalarga almashtirishmoqda. Ularni oddiy narsalar u qadar hayratlantirmay qoʻydi. Ularning hamma narsaga aqli yetadigandek...

U qadar qadimgi odam emasman-u, bizning davrlarda bolalar koʻp boʻlardi. Ular oddiy narsalardan ham olam-olam zavq olar, eshitganlariga astoydil ishonishar edi.

Har mavsumning bolalarga hadya etgan oʻyinlari boʻlardi. Bahor keldi deguncha hammaning qoʻlida chillak koʻrish mumkin edi. Xola-xola oʻynashardi oʻgʻil-qizlar. Eslasam, boshqacha hislarni tuyaman. Xola-xola oʻyinida barglar pulga aylanar, bonka qopqoqlari likopcha vazifasini oʻtardi. Oʻt-oʻlanlardan mazali «taomlar» tayyorlanardi.

Otquloq degan oʻsimlikni tuz bilan yerdik maza qilib. Etak-etak dovvucha yeb, tishlarimiz qamashib ketardi. Biz shu qadar yaxshi koʻrgan neʼmatlarga uyimizdagi bir etak «bola» qiyo ham boqmaydi.

Qorlar erib, maysalar boʻy koʻrsata boshlaganda bolalar yalpiz, jagʻ-jagʻ tergani chiqishardi. Onalarimiz ulardan koʻksomsa, chuchvara qilib berardi. Yoki oʻzini qovurib berardi. Biz paqqos tushirib olardik.

Biz yozda ham zavqlana olganmiz. Yozda ekinlarga koʻp suv quyiladi. Qishloqda yashaydiganlar buni yaxshi biladi. Shuning oqibatida ariqlarda suv qurimasdi. Biz ariq boʻyida loydan paqildoq yasardik. Ariq qumidan esa soqqa yasardik.

Olcha qizardi deguncha bizni olcha ustidan topishardi. Ichimlik solinadigan yelim idishlarga olcha toʻldirib, ustiga tuz separdig-u, maxsus tayoqcha bilan ularni ezardik.

Davomi bor...

Behzod Sherzod oʻgʻli

@subut