Get Mystery Box with random crypto!

​​#taqriz Xudoyberdi To'xtaboyevning 'Mungli ko'zlar' asari | Sirli kitobxonlar

​​#taqriz

Xudoyberdi To'xtaboyevning "Mungli ko'zlar" asariga taqriz

Xudoyberdi To'xtaboyev qalamiga mansub "Mungli ko'zlar" asari adibning eng qayg'uli asarlaridan biri hisoblanadi. Bu romanni ko'pchilik ko'zlarida yosh bilan mutolaa qiladi.
Akbarjon tirishqoq, halollik va poklikni ulug'lovchi, haqiqat uchun ojizgina qalbi bilan kurashuvchi obraz, ammo taqdiri fojiali yakun topadi. Asar 16 yoshli Zafar tilidan hikoya qilinadi. Asar qahramoni judayam boy yashaganlaridan maktabning old yigitlari qatorida yurgani uchun faxrlanishi achinarli hol, albatta. Chunki uning otasi ombor mudiri nafsi hakalak otgan Saidjon Karimovdir. Hamma ota-ona farzandlari tug'ilgandan keyin eng nurafshon yaxshi kunlar farzandimga bo‘lsin, nuridiydam men ko'rmagan kunlarni ko'rsin deya harakat qiladi. Lekin bu boyliklar halol mehnat orqali topilsa-yu mayliga, bu yo'lga ota ham, ona ham kirishi odamni chuqur o'yga toldiradi. Bu uyda faqatgina Akbar ota-onasining boyligi bilan faxrlanmaydi. Otasiyu onasini halol mehnat bilan rizq topishlarini istaydi, u doim o'z oilasini Ataullo domla oilasiga qiyos qiladi, shu sababli ham kutilmagan qarorni qabul qiladi. U Militsiyaga o'z ota-onasini qo‘rqitib qo‘yish uchungina tutib beradi.Taassufki, ish butunlay boshqacha tus oladi, ota qamaladi ona ham qamoqda vafot etadi.Buni kutmagan Akbar ham o'z joniga qasd qiladi. Ota-onaga farzandi kulib yursa bas, shuningdek, farzand ham doimo o'z ota-onasi yonida bo'lgisi ularning mehrini his qilgisi keladi. Bolalarga ota-onani oltinlari, mashinalari, qo'sha-qo'sha uylari kerak emas. Ularga ozgina mehr bo'lsa bo'ldi, shu yetarli.
Asarni o'qir ekansiz, shu arzimagan oltin - yaltiroq toshlar insonlar uchun shu qadar aziz, shu qadar qadrli, hatto o'z hayotidan afzal ekanligini o'ylab o'yga tolasiz. Nahotki, biz shu darajaga borib yetdik!? Yozuvchi kelajak avlodning taqdiri shu ko'zlari mungli bo'lgan bolalar kabi bo'lib qolmasligi uchun ham shu asarni yozgan, deb o'ylayman.


t.me/sirli_kitobxon