Get Mystery Box with random crypto!

'Tugʻishni hamma eplaydi' Shu jumla, shunchaki butun umrga mi | Shayx Muhammad Sodiq

"Tugʻishni hamma eplaydi"

Shu jumla, shunchaki butun umrga miyyamda muhrlanib qoldi..
Aslida, yaqindagina dugonalarim bilan homiladorlik davri qanday oʻtishi, tugʻruq jarayoni, toʻlgʻoq azobi va bir ayol, dunyoga yangi bir insonni keltirish uchun nimalardan oʻtishi kerakligi haqida suhbatlashgandik.

Tugʻruqdan keyin, bu yangi odamchani tarbiya qilish, unga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ayniqsa hayotining ilk yillarida naqadar qiyin ekanini faqat onajonlar tushunadi..
Oʻzimning 1,5 yoshli qizim quvvati tugamaydigan batareykaga oʻxshaydi. Koʻz quloq boʻlmasam, albatta biror noxush hodisa sodir boʻlish ehtimoli yuqori.

Hech bir erkak bu tushunchalarni anglolmaydi.
Va hech bir ayol, to oʻzi shu hislardan oʻtib, shu vaziyatga tushmaguncha, bu narsalarni anglashi amri mahol.
Shu sabab, jamiyatimizda ayolning ahamiyati qadrsizlanishi meni ochiqchasiga hayratlantiryapti.

"Uy bekalik–arzimas narsa" degan iddaoga kelsak,

Nega axir?
Nega erkaklar buning qiymati va ahamiyatini tushunishmaydi.
Nega ayolning qilayotgan mexnatini koʻrolmaydilar?

Allohim..bu juda uyatli..(

Tugʻish–hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi!
Qanchadan qancha ayollar homilador boʻlolmaydi, qanchasining homilasi tushib qoladi, qanchasining homilasi rivojlanishdan toʻxtab qoladi. Qancha ayollar dunyoga yangi bir jon keltiraman deb, oʻzining jonidan ayriladi?
Va eng qizigʻi, ayol tugʻruqdan keyin avvalgi holatda boʻlmaydi.
Uning sogʻligʻi u xohlaydimi, xohlamaydimi, sezilarli darajada yomonlashadi.
Oʻzini qurbon qilib, ayol buni uddalaydi ham.
Ayol, bola tarbiya qiladi, ularni yangi olam bilan tanishtiradi, ular uchun kelajak quradi.

Bu esa, qadrlanmaydi..
Vallohi, bu qandaydir arzimas narsa deb hisoblanadi.

Allohga qasam, bunday emas!
Uy tozalash, taom pishirish, erga gʻamxoʻrlik, qaynona va qaynotaga hizmat, bolalarga tarbiya berish–bular arzimas narsa emas.
Allohning Oʻzi bular uchun jannatni vaʼda qilgan, Uning Oʻzi shu narsalar sabab ayolning martabasini koʻtargan.

Bu ertalabdan kechgacha ishlab keladigan erkakning mehnati bilan teng mehnat.

Yuqorida sanab oʻtilgan barcha ishlar agar toʻgʻri niyatda qilinsa, Allohga ibodatdir.
Ibodatning har turini xohlagancha qadrsizlantirishingiz mumkin, ammo bu, Allohning nazaridan oʻtib ketmaydi.

Ilm talabi?
Ha, ayol oʻzining farzandlariga yetkazish uchun ilmli boʻlishi kerak.

Ish, karyera, rivojlanish, blog?
Agar ayol oʻzi xohlamasa, bu narsalar bilan shugʻullanishga majbur emas.

Nega jamiyat, agar ayol karyera qilmasa, ishlamasa uni qoloq, dangasa, yomon deb hisoblaydi?
Bu narsalar qanaqasiga va qachondan ayolning shaxsiyat koʻrsatgichiga aylandi?

Ishsizlik ayolni yomon qilib qoʻymaydi va uning qadrini suisteʼmol qilish uchun, sabab ham boʻlolmaydi.
Kimningdir nazdida uy bekasi boʻlish—yuqoriga chiqishi imkonsiz bir tubsizlik boʻlsa ham, Robbimiz uchun, uy bekasi har kungi amallari, qilayotgan hizmatlari uchun ajrga loyiq, jannatga munosib ayoldir.

Shaxsiy qiziqishga, hunarga ega boʻlish yomon emas, aksincha juda yaxshi.
Ammo, bu narsalar bilan ayolning qadri oʻlchanmaydi.
Ayolni–ayolligi uchun, matonati uchun qadrlang.
Baʼzi insonlarning tili bilan aytganda "40 ta joni" yoʻq uning.