Get Mystery Box with random crypto!

Bir xalqaro tashkilot tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirda ilmiy | Shaxsiy Blog1

Bir xalqaro tashkilot tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirda ilmiy ishim mavzusida chiqish qilib berishimni iltimos qilishdi. Bordim. Chiroyli tadbir boʻldi. Faqat... davlat telekanalidan kelgan texnik xodimlar biroz “qiynalishdi”:
roʻmolli spiker tasvirga tushib qolmasligi uchun, kameralarini koʻtarib dam u yoqqa oʻtishadi, dam bu yoqqa oʻtishadi.
Uning ustiga, men boshimdagi “dahshatli” roʻmolim bilan bir vazirlikdan kelgan opaning yonida oʻtiribman. Opani tasvirga olmasa boʻlmaydi. Meni tasvirga olsa, yana boʻlmaydi.

Xullas, tadbir orasida – kofe breyk paytida, yaʼni tadbir ishtirokchilari zaldan chiqib ketgan payt oʻsha opadan intervyu oladigan boʻlishdi. Opaning beli ogʻriyotgan ekan, tik turib intervyu berishga koʻnmadi. “Shu joyda oʻtirib gapiraveraman”, dedi.
Oldin opani boshqa spikerlar bilan gaplashib turgan holatini tasvirga oladigan boʻlishdi. Soxta bir koʻrinish tashkillashtirishmoqchi, yaʼni.

Meni qitmirligim tutdi - joyimdan qoʻzgʻalmay oʻtiraverdim. Muxbir qizcha nima qilishini bilmay, yuzida soxta tabassum bilan yonimga keldi (oʻlganining kunidan jilmayyapti, bilib turibman).
Egilib, qulogʻimga pichirladi:
- Opajon, kofe breykka chiqmismi?
- Rahmat-e mehribonchilik uchun. Hech nima yegim yoʻq. Shu yerda oʻtirib turaqolaman. Ana, boshqa spikerlaram shu yerda.
- Hmm... anavi... hmm... Man opadan intervyu olishim kereydi-de...
- Marhamat! Bunga qarshiligim yoʻoʻ. Olovrilar.
- Sal chetrooda oʻtirip turomismii...
- Haaa... voyyy... Fonni buzyappanmi? Roʻmolim dahshatli koʻrinyaptimi? – pichirladim menam ovozimga vahimali tus berib.
Qizposhsha qip-qizarib ketdi.

Buyam bir buyruq bajaruvchi-da, kel shuni qiynamay, deb tashqariga yoʻnaldim. Eshik tagida yana bir muxbir yigitcha turgan ekan.
- Opajon, - dedi, - rosa zoʻr chiqish qildiz, - dedi. – Agar roʻmolizzi orqadan oʻrab tursez, sizdan intervyu olardik, - dedi.

Hali javob qilishga ulgurmasimdan, bir odam lip etib roʻparada paydo boʻldi-da:
- Zoʻr mutaxasisakansiz, - dedi. – Shu... man bir narsaga hayronman-de, shunday bilimli ayollar nega roʻmol oʻravolasilar? Karera qilomisilarda keyin... Tilvizirga chiqomisilar...

Qarasam, bunga berilajak javoblar uvol.
- Bitta savol bersam maylimi sizga? – dedim.
- Bemalol, bemalol... – dedi.
- Agar miyangiz boʻlganida, “Ayol kishi nega roʻmol oʻraydi” degan savolga nima deb javob qilgan boʻlardingiz? A?.. Miyam bor, deb tasavvur qiling, mana...

Dilfuza Komil

https://t.me/joinchat/V9rOjjc2w___l0Xf