Get Mystery Box with random crypto!

'Musofir bo'lmaguncha musulmon bo'lmas' Ilgari bu so'zlarni e | Shaxsiy Blog1

"Musofir bo'lmaguncha musulmon bo'lmas"

Ilgari bu so'zlarni eshitganimda, biroz boshqacha fikrlar kelardi xayolimga.

Inson musofirlikda bo'lsa, qiyinchilik ko'rsa, yaqinlarining qadriga yetadi, qanchalar ne'matlar ichida bo'lganini anglaydi, deb o'ylardim. Bu ham juda xato fikr emasdir asli. Biroq qanday qilib bularni anglagan inson musulmon bo'lib qoladi?

Keyinroq esa menga bu so'zlarning chinakam haqiqati ko'rindi.

Xo'sh, musofir inson qanday bo'ladi? Albatta, musofir qaysidir joyga qandaydir maqsad bilan borgan odamdir.

O'qish, ish, sayohat, davolanish...

Inson qay maqsad bilan uyidan uzoq manzilga chiqmasin, o'sha maqsad hosil bo'lgunicha kerak bo'ladigan narsalargagina vaqt, mablag' va kuch sarflaydi. Undan ortig'iga emas.

Axir kim ham ijara uyini eng so'nggi urfdagi pardayu gilamlar bilan bezagisi kelardi?

Kim ham bugun-erta tark etishi aniq bo'lgan joyga chiroyli mebellar o'rnatib, eng antiqa dekor elementlari bilan bezatib o'tirardi?

Musofir inson uchun tashqaridagi asosiy vazifalarini bajargach, tunni o'tkazish uchun bir qulay o'rin, issiq va sovuqdan asray oladigan kichikkina bir boshpana, eng elementar gigienik ehtiyojlariga yetarli suv, ochqaganida yeb olishi uchun biroz taom, taomga kerak bo'ladigan zaruriy idish-tovoqlar bo'lsa bo'ldi. Boshqasi kerakmas.

Mabodo, biroz pul orttirguday bo'lsa ham, bu mablag'ni tezdan o'z uyiga, yaqinlariga yuborish payidan bo'ladi. Chunki u qaytgunicha yaqinlari uyiga biror sharoit qiladi. Qaytgach o'zi ham bundan bemalol bahramand bo'lishini yaxshi his qiladi.

Ana endi musofir musulmonga qanchalar o'xshashligi ayon bo'ldi.

Musofir o'z yurtidan yiroqda bo'lgani uchun musofir hisoblansa, musulmon Jannatidan yiroqda bo'lgani uchun ham musofir kabidir.

Yer yuzi musulmon uchun go'yo o'zga bir yurtdek.

Shunday ekan, biz ham biroz mablag' orttirgudek bo'lsak, uni vaqtinchalik ijara uyimizning ortiqcha va hashamdor bezaklariga emas, o'z uyimizning obod bo'lishiga sarf etish payida bo'lishimiz lozim ekan.

Qaytganimizda bizni qanday sharoit kutib turishini xohlasak, shunga ko'ra harakat qilmog'imiz kerak.

Darhaqiqat, musofir bo'lmaguncha, musulmon bo'lmas inson...

P/S: anchadan buyon miyamda aylanib, aylanib, tunov kuni Toshkentda xarid qilingan bir qancha kitoblarni o'z uyimga olib ketish harakatida yana takror xayoldan kechgan o'ylar)

Gavhar Nasrulloh

https://t.me/joinchat/V9rOjjc2w___l0Xf