Get Mystery Box with random crypto!

Kechagi postdan keyin baʼzilar tushkunlikka ham tushdi. Sababi | Sariq Dev

Kechagi postdan keyin baʼzilar tushkunlikka ham tushdi. Sababi ular Sunʼiy intellektni yordamchi emas, raqobatchi sifatida koʻrdilar.

Aslida unday emas, agar toʻgʻri foydalansak ChatGPT kabi dasturlar faqatgina bizning oʻsishimizga va ishimizni osonlashishiga sabab boʻladi.

Masalan, Junior dasturchi ChatGPT dan qanday foydalanishi mumkin:

1. Code review. Endi kodingizni koʻrib, baholab, kamchiliklarini topib berishi uchun ustoz yoki katta dasturchini kutib oʻtirish shart emas. ChatGPT sizga kodni hamma kamchiliklarini aytib, oʻrniga toza va sifatli muqobilini ham koʻrsatadi.

2. Xatolar bilan ishlash. Hozir kodingizda xato chiqqanda Stackoverflowda soatlab vaqt sarflashingiz, yoki birorta senior dasturchining vaqtini olishingiz mumkin. SI esa bir zumda toʻgʻri yechimni izohlari bilan beradi.

3. Bilmagan narsangizni oʻrgatadi. Deylik dasturingizni siz shu paytgacha ishlatmagan xizmat bilan API orqali bogʻlash kerak (masalan, Payme toʻlov tizimini ulash kerak). ChatGPT sizga nafaqat kod, balki APIdan toʻgʻri foydalanish boʻyicha qadam-baqadam qoʻllanmani ham beradi.

4. Shablon kodlar. SI sizga dasturingizning boshlangʻich qismini yozib beradi. Odatda takrorlanuvchi, shablon kodlarni endi vaqt ketkazib, qayta yozmasdan, ChatGPT ga yozdirib olish mumkin.

5. Kodni testlash. Junior dasturchilarning eng katta kamchiligidan biri - kodga unit yoki integration testlar yozishmaydi, yoza olishmaydi. SI esa buni qoyilmaqom qilib bajarayapti. Istalgan funksiyaga bir zumda test yozdirib olish mumkin.

Xullas, bunday misollar koʻp. Muhimi, SIdan koʻr-koʻrona emas, aql bilan foydalaning. Bergan javobini tahlil qiling. Yaxshi tarafi, soʻrasangiz ChatGPT har bir javobini izohlab, tushuntirib ham beradi.

Zamon oʻzgarayapti, siz ham zamonga moslashib boring. Texnologiyadan toʻgʻri foydalansangiz, u sizning raqobatchingiz emas, yordamchingiz boʻladi.

SI odamlarning o’rnini egallaydimi degan savolga mening doimiy javobim: “Ongli odamning o'rnini hech narsa bosmaydi”.

Siz oʻz sohangizda SI dan qanday foydalangan boʻlar edingiz? Javobingizni izohda qoldiring.