Get Mystery Box with random crypto!

“Har bandaga halol, Musulmonga harom” Bir paytlar Ahmad Bursa | Tarixlar sarasi

“Har bandaga halol, Musulmonga harom”

Bir paytlar Ahmad Bursada (Turkiya) chashma qurdiribdi va “Har bandaga halol, Musulmonga harom” degan yozuv yozdirib qo‘yibdi.

Tabiiyki, bu voqeaga “nima bu fitna” deb Usmoniylar aralashibdi.



Odamlar yig‘ilib qoziga shikoyat bilan borishibdi. Ahmadni tutib qozining yoniga olib kelishibdi. “Nega fitna chiqarayapsan? Dini islom, aholisi musulmon bo‘lgan katta davlatda sen “savob bo‘ladi” deb chashma qurdiribsan, lekin chashmadan suv ichishni musulmonlarga taqiqlab qo‘yibsan. Esing joyidami seni? Nega bunday qilding” deyishibdi unga. Ahmad:

- Ruxsat bersangizlar, sababini aytaman. Lekin sababi isbot talab qiladi, dalil bo‘lishi shart” desa, qozining jahli chiqib:

- Qanaqa dalil, qanaqa isbot? Sen fitna chiqarding. Musulmon aholi kayfiyatiga putur yetkazding. Qatling vojibdir” debdi. Lekin boshqa tomondan qozining qiziqishi ortib:

- Nimaga bunday qilding, deb so‘rabdi.

- Sababini faqatgina Sultonimga aytaman, degan javob berilgach, yana g‘ala-g‘ovur ko‘tarilibdi. Bo‘lgan voqea Sulton qulog‘iga yetib boribdi. Chashma qurdirgan Ahmadni saroyga keltirishibdi. Sultonning jahli chiqibdi, boshqa tomonidan qiziqishi ustunlik qilibdi.

- Gapir, nima demoqchisan? Bu nimasi bo‘ldiki, sen ham chashma qurdirasan, ham har bandaga halol, musulmonga harom deb ëzdirasan?

- Dalilim bor, ammo isbot talab qiladi, debdi boshini egib turgan Ahmad.

- Agar sen aytayotgan dalil quvvatli bo‘lmasachi?

- Agar unday bo‘lsa, boshim sizning hukmingiz qo‘l ostida.

- Xo‘sh...

“Sultonim, har qanday bir sinagogdan (yahudiylar ibodatxonasi) duch kelgan ravvinni hech qanday tushuntirishlarsiz olib kelishsin. Bir hafta qamoqda saqlang. Nimalar bo‘lishini ko‘ring”.

Ahmadning aytganini qilishibdi. Kamchilik bo‘lgan yahudiylar birlashib “Nima bo‘layapti? Nima bu zulm? Ravvin uchun biz kafilmiz. Nima qilish kerak bo‘lsa, aytinglar, qilamiz. Uning aybi yo‘q. Kerak bo‘lsa, pul to‘laymiz...” deb chiqishibdi. Hatto qo‘shni davlatlardan elchilar kelibdi, maktub ustiga maktub. Bir haftadan keyin Ahmad:

- Sultonim, endi ravvinni qo‘yib yuboravering, debdi. Ravvin qo‘yib yuborilibdi, yahudiylar xursand. Sultonga har qayerdan tashakkurnomalar, sovg‘alar.

“Ayni shu ishni har qanday cherkovdan bitta rohibni olib kelib qiling”, debdi Ahmad. Bir rohibni xuddi shu tarzda turib kelishibdi. Rohib bilan ham shunday holat: talablar, noroziliklar, nima bu zulm deyishlar. Bir haftadan keyin rohib qo‘yib yuborilibdi. Xursandchilik, Sultonga tashakkurnoma va sovg‘alar.

Sulton “Bo‘ldimi, tugadimi” debdi Ahmadga.

- Sultonim, yana bitta ish qoldi. Keyin hukm chiqarsangiz bo‘ladi.

- Xo‘sh, nima istaysan yana?

- Sultonim, poytaxt ahli eng yaxshi ko‘radigan olimni minbardan olib qo‘ying”.

Ahmadning aytganini qilishibdi. Eng katta markaziy masjidning imomini ayni Juma xutbasining o‘rtasida olib ketishibdi. Ollohning bir bandasi chiqib “Nima bo‘layapti? Nima qilayapsizlar? Hech bo‘lmasa xutbani tugatguncha kutib tursangizlar bo‘lmaydimi?” deganga o‘xshash gap aytmabdi, hech kim imomni so‘rab surishtirmabdi. Oradan bir hafta o‘tibdi. Imom qayerda, ahvoli nima bo‘ldi, deb hech kim kelmabdi. Hamma xursand. Buning ustiga odamlar orasida qo‘lga olingan imom haqida mish-mishlar tarqab ketibdi. 

- Biz uni odam deb o‘ylab, imom deb yurgan ekanmiz.

- Kim bilsin qanday gunoh qildi ekan bu imom.

- E voh, shuncha payt bilmasdan orqasida namoz qilib yurgan ekanmiz.

Bo‘lib o‘tgan voqealardan Sulton ham, qozi ham xabardor. Sulton Ahmaddan so‘rabdi:

- Xo‘sh, nima qilamiz endi?

- Imomni qo‘yib yuboramiz va undan uzr so‘raymiz.

“To‘g‘ri aytasan” debdi sulton. Imom qo‘yib yuborilibdi. Ahmad Sultonga qarab debdi:

- Ey Sultonim, o‘zingiz ayting, bunday musulmonlarga suv halol qilinadimi?

Sulton achchiq tabassum qilib:

- Bularga hattoki, havo harom, havo, debdi.

@SARA_TARIX