Get Mystery Box with random crypto!

Ko'ngil mayus tortdi yilning so'ngida, Bilmam, nimang bilan se | Rustamoff | Personal blog

Ko'ngil mayus tortdi yilning so'ngida,
Bilmam, nimang bilan sexrlading, qor.
Bugun kuppa-kunduz ko'zim o'ngida,
Yana bir yoshimni o'g'irlading, qor.
Qirqinchi qasrimga o'taymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi? . .

Bahorim yetgudek qo'lim uzatsam,
Yetolmay dilimni ne deb yupatsam.
Laylakqor, azizim, g'alati bayram bu -
Kulib kuzatsammi, yig'lab kuzatsam. . .
Dardim jim ichimga yutaymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?

So'rsang, sevinchimdan o'tinchim ko'proq,
Sendan-da kumushroq sochimdagi oq.
Yilim kelmay turib, yilim ketmoqda,
Ko'zda tabassum-u kiprikda titroq.
Men ham sal shoshdim-da, qaytaymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?

Yangi Yil,
Kelaver qanday kelsang ham,
Kimlar yetdi senga, kimlar yetmadi.
Sen yangi yo'ldoshsan, sen yangi hamdam,
Yo'qlab kelganingni o'zi bir bayram.
Qulog'ingga bir gap aytaymi, endi,
Kechagi yoshligim ertakmi, endi. . .

M.Yusuf

@wednesdaysblog