Get Mystery Box with random crypto!

Onammi?! Namozimmi?! Banu Isroilda Jurayj ismli avliyo odam b | Jaloliddin Rumiy Aforizmlari📚

Onammi?! Namozimmi?!

Banu Isroilda Jurayj ismli avliyo odam bo‘lgan ekan. Ibodatda mustahkam, juda parhezkor inson edi. Paxsa devorli ibodatxona qurib o‘sha yerda o‘z ibodatlarini qilar ekan. Avvallari tojir bo‘lgan deyiladi tafsir kitoblarda, lekin keyinchalik tijoratni tashlab, ibodatga o‘tiradi. Onasiga ko‘p xizmat qilgan, onasining roziligini olgan kishi edi. Bir kuni onasi kelib o‘g‘lini tashqaridan chaqirdi. Ibodatxonani ichida o‘g‘il namoz o‘qirdi. Nafl namozini ado etardi. Namozda o‘yladiki:

– Yo Rabbiy, onammi namozimmi?

U o‘zicha qaror berdiki, namozim dedi. Onasiga javob bermay namozini o‘qiyverdi. Ona har safar chaqirganda uch marta chaqirardi, javob bo‘lmasa qaytib ketardi. Ya’ni bir kunda uch marta chaqirardi. Uch marotaba kelganida ham Jurayj namoz vaqtida bo‘lardi. Har safar:

—Ey Robbim, onammi namozimmi? – derdi va namoziga to‘xtalardi.

Jurayj ana shunday ixtiyor qilgan odam edi. Aslini olganda onasining roziligini olgan, lekin namozda onaga ham javob berib bo‘lmaydi deb o‘ylardi. Holbuki, nafl namozini tezlatib turib ona tugul boshqalarga ham javob bersa bo‘ladi. Ammo Jurayj onaga javob bermadi. Uchinchi kun uchinchi marta ham Jurayjning onasi o‘g‘lini chaqirdi, yana javob bo‘lmagach ona duo qildi:

– Alloh seni buzuq ayollarning tuhmatiga uchratmasdan o‘ldirmasin, – dedi va ketdi.

Albatta Jurayjning obro‘si baland edi, uni ko‘ra olmaydiganlar ham yo‘q emas edi. Dushmanlarining davrasida qanday qilsak Jurayjni sharmanda qila olamiz degan maslahatlar tez-tez bo‘lib turardi. Bir kuni chiroyli, ammo yengiltak bir ayol:

– Men uni yo‘ldan uraman, – dedi hamda garov o‘ynadi.

Jurayjning oldiga borib uni o‘ziga qaratmoqchi bo‘lib turli ishvalar qildi, ammo Jurayj unga iltifot qilmadi. Keyin u ayol tog‘larga chiqib ketdida, bir cho‘ponni topdi. Ayol cho‘pon bilan yaqin munosabatda bo‘lib, undan homilador bo‘ldi. Vaqt o‘tib bolani dunyoga keltirdi. Bolaning otasi kim deb so‘rashganda Jurayj dedi. Odamlar esa so‘roq-so‘rov qilmasdan Jurayning ibodatxonasiga kelib ibodatxonani buzishdi. Jurayjning o‘zini esa kaltaklashdi. Ular:

– Biz seni oqil, ibodatli odam deb yursak, sen haromxo‘r ekansan-ku, – deyishdi.

Shunda Jurayj namoz o‘qidi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham mushkul vaziyatga tushsalar namoz o‘qir ekanlar. Biz musulmonlarga ham bu amal sunnatdir. Namozini o‘qib bo‘lgach dedi:

– Menga bolani ko‘rsatinglar.

Bola beshikda yotardi. Bordida bolaning qorniga barmog‘i bilan niqtab, dedi:

– Ey bola, otang kim?

Beshikdagi bola tilga kirib, otam cho‘pon deya uning ismini aytdi. Odamlar xato qilganlarini tushunishdi. Ibodatxonani qaytib paxsa devordan qurib berishdi.

Mana shu voqeani Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam sahobalariga hikoya qilib berganlar. Bu voqeadan tushunishimiz kerak bo‘lgan narsa - onaning darajasi naqadar yuksakligidir. Shuning uchun ulamolarimiz aytishadiki:

– Onang seni bir ishga buyurayotgan bo‘lsa, Robbing seni ibodatga chorlayapti.

Bu voqeadan nimani xulosa qilamiz. Ona degan ulug‘ zot o‘zining bir duosi bilan o‘z jigarbandini nimalarr qila olishi mumkinligini ko‘rdik. Onalaringizga shunday munosabatda bo‘lingki, har bir nafasida sizdan rozi ekanligi bilinib tursin. Ota-onasini qariyalar uyiga tashlab ketayotganlar bilib qo‘yishsin, sizlar uchun bu dunyoda ham, u dunyoda ham yaxshilik ozdir. Ota-ona rizoligida Allohning rizoligi bordir. Barchamizga ota-onasini rizoligini olgan holda bu foniy dunyoni tark etish nasib etsin.
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.


Shayx Sayyid Rahmatulloh Termiziy.

Hammaga ulashing
••┄┄┄❅┄┄┄•••
A'zo bo‘ling
@Rumiy_AforizmlariUz /
Ma'nolarning tuganmas jilosi