Get Mystery Box with random crypto!

Mualliflik huquqlari buzilayotgan ikki holatni bartaraf etdim | Respublika ta’lim markazi |Rasmiy

Mualliflik huquqlari buzilayotgan ikki holatni bartaraf etdim

RTM boshlangʻich sinf "Ona tili va oʻqish savodxonligi fani uchun qilingan ishlarni (ommalashtirish uchun yuborilgan) koʻrib chiqib, xulosa yozib berishni soʻrab turadi. Oʻtgan hafta shunday ishlardan toʻrttasini qoʻlimga tutqazishdi. Bir hafta davomida ishlar bilan sinchiklab tanishib chiqdim. Ishlardagi imloviy, ishoraviy va texnik muammolar boshqa masala. Bugun ular haqida gapirmoqchi emasman, ularni bir oʻtirishda, diqqatni oshirib bartaraf etish mumkin. Bugun qonimizga singib ketgan koʻchirmachilik haqida gapirmoqchiman.

Kelgan 4 ishning ikkitasini imloviy, ishoraviy va texnik xatolarini bartaraf etgandan soʻnggina ommalashtirishga tavsiya qilish mumkin degan xulosa berdim. Qolgan ikkitasini esa qat’iy rad etdim. Nega qat’iy deysizmi?

Birinchi ish toʻgarak mashq daftari boʻlib ichidagi 80% topshiriqlar oʻzimiz yozgan “Ona tili va oʻqish savodxonligi” darsligi hamda “Mashq daftari” (ona tili oʻqish savodxonligi)dan aynan koʻchirib oʻtkazilgan. Koʻchirilgan ushbu ishni har qanday bosqichda ommalashtirish mumkin emas deb yozdim xulosaga, koʻchirmachilarning ishi respublikagacha yetib kelgani meni yanada qiynadi. Qanday qilib tuman koʻchirilgan narsani ommalashtirishga tavsiya qilyapti, taqrizchilarning koʻzi qayerda edi?

Ikkinchi ish ssenariylar toʻplami boʻlib, ichida bir dunyo she’r bor. Birorta she’rning muallifi, manbasi koʻrsatilmagan. Bu qanaqasi endi dedim-da uni ham tavsiya etish xulosasiga rad javobini tirkab qoʻydim. Toʻgʻri, orqasida bir nechta kitobdan foydalanilgani yozib qoʻyilgan, lekin bu mualliflik huquqini ta’minlab qoʻymaydi. Har bir she’r ostiga muallifi yozilishi shart. Agar she’rlar muallifning oʻziniki boʻlsa buni ham toʻplamning kirish qismida eslatib ketishi kerak edi, lekin bunday qilmagan. Kimnidir yozgan narsalarini shunchaki bir joyga yigʻib ustama olish uchun yuborish qanchalik insofdan?!

Darsliklarda ham boshqa mualliflar yozganini toʻplab qoʻyasizlar-ku degan fikr xayolingizda yaraqlagan boʻlishi mumkin. Oʻsha fikrga javob: darslikda muallifning matnini olamiz, tagiga kimniki ekanini yozamiz va oʻsha matn (she’r, ertak, hikoya) asosida mashq va topshiriqlar ishlab chiqamiz. Shuning uchun uchun oʻshanaqa darsliklarga ham haq toʻlanishi adolatdan. Ya’ni ular birovlarning ijod mahsulini shunchaki toʻplab qoʻyish emas.

Shu oʻrinda respublika miqyosidagi Ona tili va oʻqish savodxonligi yuzasidan ommalashtiriladigan ishlarning 50-60 foizini shaxsan oʻzim koʻrishimni va men koʻchirmakashlikka qarshi urush e’lon qilganimni, koʻchirilgan ishlarni hech qachon ijobiy tavsiya bilan bermasligimni bilib olishlaringni istardim. Bundan tashqari koʻz yugurtirib, qoʻl uchida koʻrib beradi deb oʻylasangiz ham qattiq adashasiz. Hushyor boʻlinglar deb yozay dedim (koʻchirmakashlarning ishi respublikagacha yetib kelgani ham tutaqtirdi odamni).

P.S.: rad etilgan ikki ishga oʻsha viloyat XTB boshlangʻich ta'lim boʻlim boshligʻining ismi hammuallif sifatida tirkalgan ekan.

@birgap