Get Mystery Box with random crypto!

​​ARAFA Chin arafa, yolgʻon arafa, Momolardan qolgʻon, arafa | RaNgSiZ YiLLaRiM

​​ARAFA

Chin arafa, yolgʻon arafa,
Momolardan qolgʻon, arafa.
Ostonada Iydu al Qurbon,
Dilga shodlik solgʻon arafa.
 
Bir-biridan shirin taomlar,
Bir-biridan shirin kalomlar,
Boshlanadi, kelin salomlar,
Qizchalarga fargʻon-arafa.
 
Koʻngillarga berilib oro,
Yurt kezadi shodlik, diloro,
Fargʻona, Shosh, Keshu, Buxoro,
Samarqandu, Surxon arafa.
 
Qotirma non, qatlama, goʻjak,
Shilpildogʻu,  somsayu, pichak,
Holva, novvot, boʻgʻirsoq, chak-chak,
Dasturxoni - bir xon arafa.
 
Goʻzallikda shabnamday, xuddi,
Ifor toʻlgan xonamday, xuddi,
Muhabbatda onamday, xuddi,
Qulogʻida rayxon - arafa.
 
Bitsam, tarfi ming satru baytlik,
Qutlugʻ boʻlsin, shodona paytlik,
Ushbu sheʼrim Sizga Hayitlik,
Koʻngillarda ilhom - arafa.
 
O'lmasbek Samarqandiy