Get Mystery Box with random crypto!

-XUSHXABAR- ASSALAMU ALAYKUM Ilgari xabar berganimizdek | RAHMONNING BANDALARI

-XUSHXABAR-
ASSALAMU ALAYKUM

Ilgari xabar berganimizdek "Rahmonning bandalari" loyihasining "Online Qur'on savodxonligi" darslari 2021-yilning Oktyabr oyida boshlanib, bugungi kungacha turli yo'nalishdagi guruhlar kesimida olib borilayotgan edi.

Ko'pgina Qur'on ixlosmandlari ushbu guruhlarimizda malakali qori ustoz-ustozalardan dars olib kelishayotgan edi. Ko'plab o'quvchilarimiz Qur'oni karimni hifz qilishni boshlab, darslarda faol bo'lishmoqda.

Ana shunday faol va tirishqoq o'quvchilarimizdan biri, guruhdoshlari orasida o'zining Qur'on qiroatida mohirligi, go'zal savodi, o'tkir zehni bilan ajralib turuvchi 2 'B' guruh talabasi Rixsiboyeva Xadicha Qur'oni karimni 10 oyda to'liq yodlab tugatdi.

Rixsiboyeva Xadicha Qur'oni karim hifzini 2021-yil Sentyabr oyi oxiri Oktyabr oyining boshlarida boshlagan.

Kalomulloh hifzini "Online Qur'on savodxonligi" darslari loyihasining tashkilotchisi, ustoz Zafar qori Mahmudov qo'llarida 30-ju'zning Toriq surasi hifzidan boshlagan bo'lib, dastlab kunlik vazifasi 7 qatordan bo'lgan, keyinchalik bu miqdor 10 qator, 1 sahifa, 1 yarim sahifa, 2 sahifa bo'lib shu tariqa ko'payib bordi, Qur'oni karim hifzi so'ngiga qadar kunlik vazifasi 8 sahifayu 8 qatorga chiqdi. Davomiy dars qilish, kunlik vazifalarini o'z vaqtida bajarish orqali, Allohning tavfiqi bilan tolibamiz 10 oy davomida Qur'oni karimni to'liq yodlab tugatishga muvaffaq bo'ldilar.

Tez orada ushbu tolibamizga "Online Qur'on savodxonligi" jamoasi tomonidan sertifikat va ijoza taqdim etiladi.

Rixsiboyeva Xadichaga keyingi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar, ko'plab xayr-barokatlar, Qur'oni karim yo'lidagi harakatlari bardavom bo'lib, uzoq yillar Kalomulloh yo'lida xizmat qiluvchi ustozlardan bo'lishlarini tilab qolamiz. "Online Qur'on savodxonligi" guruhlarimizning boshqa talabalaridan ham tez orada Kalomullohni to'liq yodlab, Allohning kalomi yo'lida xizmat qiluvchi Qur'on homillari chiqishini kutib qolamiz.

Agar siz hali ham Qur'oni karimni o'rganishni boshlamagan bo'lsangiz, fursatni boy bermang. Shoshiling va bizning safimizga qo'shiling. Umid qilamizki, siz ham tez orada Qur'oni karim homillaridan bo'lasiz!