Get Mystery Box with random crypto!

Maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yic | Yoshlar ishlari agentligi Qo'shrabot tuman bo'limi

Maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar ishlab chiqildi

Joriy yil umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkaziladigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra:

umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 2023-yil 25-may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida tashkil etiladi;

tadbirga maktabdagi o‘quvchilar sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi;

mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilish va boshqa zarur choralarni ko‘rish ta’minlanadi;

Shuningdek, tadbir davomida:

maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona”, “A’lochi o‘quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” kabi nominatsiyalari bo‘yicha tashakkurnomalar beriladi;

2022-2023-o‘quv yili davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanadi;

faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, kasaba uyushmasi, mahalla va hamkor tashkilotlar, shuningdek, o‘rnak bo‘ladigan maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etiladi.

2022-2023-o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish davomida quyidagilar taqiqlanadi:

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestasiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul mablag‘larini yig‘ish;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni o‘tkazish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimdagi barcha xodimlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillaridan joriy o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazishda mazkur tavsiyalarga amal qilishlarini so‘rab qoladi.

Ulaning va ulashing:

https://t.me/qushrabottumanhokimligi