Get Mystery Box with random crypto!

(1/2) Oʻzbekiston mustaqil rivojlanishning toʻrtinchi oʻnyil | Серия пенальти_O'Z

(1/2)

Oʻzbekiston mustaqil rivojlanishning toʻrtinchi oʻnyilligiga qadam qoʻymoqda. Men har yili shu sana munosabati bilan taraqqiyotimizning, mening nazarimda, muhim hisoblangan qaysidir jihatiga urgʻu bergan holda post yozaman. Bu gal oʻtgan uchta postda nimalar haqida yozilganini yodga olishga qaror qildim.

2019-yil: oʻzgarish uchun ayni momentum`dan foydalanib qolish imkonini qoʻldan chiqarmaslik. Hozircha hammasi beqaror: imkoniyat hali boy berilmagan, biroq yaqqol tendensiyalar koʻzga tashlanmoqda 2020-yil: ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarini toʻliq davlat tomonidan tartibga solishlarsiz hamda odamlarni yagona standartlarga undashga urinishlarsiz xilma-xillik jamiyatini barpo etish. Hali ham oʻsha eski hammom, eski tos 2021-yil: imidj uchun qisqa muddatli bonuslar ketidan quvib, muammolarning mediada eng koʻp yoritilayotgan oqibatlarini oʻchirish emas, ularning manbalari bilan kurashishni boshlash; mamlakatda, vanihoyat, qonunlar amalda ishlashi lozim. Bu post, agar hozir shunchaki undan nusxa koʻchirib, bu yerga qoʻyilsa, bir yil avvalgidan ham dolzarbroq boʻladi

Kelgusi 5 yil va qabul qilinajak qarorlar mamlakatimizning uzoq muddatdagi istiqboli uchun har tomonlama hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hozir nafaqat eski hal etilmagan muammolarga yangilari qo‘shilayotgani, balki eski xatolarni takrorlashni sinovdan oʻtkazish tendensiyasi koʻzga tashlanayotgani ham tashvishlantirmoqda. O‘zbekistonning oʻtgan 25 yillikdagi xatolarni, o‘sha 25 yillikdan keyin oxirgi – endi u ham oʻtib boʻldi – 5 yillikni oqlash uchun foydalanilgan xatolarni takrorlashga haqqi yo‘q.

Albatta, men birinchi navbatda, urfga kirib qolgan muhokamalar – siyosiy uzoq umr koʻrish xususida gap ochmoqchiman Yana takrorlayman, davlat rahbari – har qanday davlatning har qanday rahbari – rotatsiya qiluvchi amaldor boʻlishi lozim. Inson barqarorlikning asosi boʻla olmaydi, chunki u oʻz tabiatiga koʻra kasal boʻlish, zaiflashish, xatoga yoʻl qoʻyish va, nihoyat, toʻsatdan vafot etish xususiyatiga ega boʻlgan beqaror tirik mavjudot. Shuning uchun, “islohotlarni oxiriga yetkazishga imkon bering” qabilidagi argumentlar bilan niqoblanayotgan nollashtirish mutlaqo mantiqsiz. Hech narsani oxirigacha olib borish mumkin emas. Rivojlanish, haqiqatan ham mavjud boʻlgan taqdirda, doimiy va uzluksiz jarayon. Uning barqarorligi uchun esa samarali tizim kerak, oʻzgarmas davlat rahbari emas.

Qolaversa, Oʻzbekiston bir vaqtning oʻzida ikkita parallel voqelikda amal qilishga chek qoʻyishi lozim: qogʻozda va amalda Yangi Oʻzbekiston haqida istalgan miqdordagi konsepsiyalar, strategiyalar qabul qilish, millionlab konferensiyalar oʻtkazish va bu haqda barcha minbarlardan gapirish mumkin. Biroq tuzilmaviy tizimli oʻzgarishlar boshlanmas ekan, miqdor sifatga aylanmaydi. Chiroyli tashqi qobiq mazkur qobiq ortida berkitilgan xuddi shunday yoqimli tarkibni kafolatlamaydi. Shu nuqtai nazardan, davlat boshqaruvining populistik vositalari pragmatik va samarali menejment bilan almashtirilishi lozim. Darvoqe, yuqoridagi paragrafda yozilganlardan boshlash maqsadga muvofiq boʻlardi.