Get Mystery Box with random crypto!

Tarjimonlik kasbmi yoki hobbi? (Sarlavhadagi savolga birinchi | Niyatga bog'liq

Tarjimonlik kasbmi yoki hobbi?

(Sarlavhadagi savolga birinchi abzasning o‘zida aniqlik kiritiladi, davomi muhimroq masala)

Har kim qandaydir kasb va o‘ziga xos hobbiga ega. Biror bir kasbni tutish ro‘zg‘or tebratish, mablag‘ orttirish uchun xizmat qilsa, hobbi shunchaki dunyo tashvishlaridan chekinish va dam olishga yordam beradi. Biroq dunyoda shunday kasb borki, u yuqoridagi ikkisiga ham mos kelmaydi. Ya’ni, hobbi sifatida juda qiyin, kasb sifatida esa juda arzon ish. Shundoq ham holdan toygan holingizda, u bilan shunchaki hobbi sifatida shug‘ullanish kishini battar ezib yuboradi. Aksincha, barcha ishingizni tashlab, u orqali pul topmoqchi bo‘lsangiz, chuchvara xom sanabsiz! Tarjimonlik bizning sharoitga ko‘ra bir tiyinga qimmat ish! Qaysidur o‘lkalarda balki tarjimonlar millionlab dollarlar ishlab, hayotning bor lazzatini tuyib yashashyotgandir. Lekin men televizorda emas, hayotda ko‘rganlarimga asosan fikr bildirishni ma’qul deb topyapman.

Taxminan 10 yillar oldin Mart oyining stipendiyasi Iyulda, Avgust oyi uchun oyliklar Noyabrda yoki Oktyabr oyining pensiyasi keyingi yili to‘lab berilardi va biz bunga o‘rganib ham qolgandik. Hozirda ahvol kimda qanday bilmadim-ku, lekin men tarjimon sifatida 10 yil orqada yashayotgandekman. Aksar sohalarda maosh o‘z muddatida to‘lanayotgan bir zamonda, jamiyatni uyg‘otish uchun xizmat qilishi kerak bo‘lgan kitobxonlik sohasining ustunlari – tarjimonlar o‘z mehnat haqlarini hammadan keyin olishi hamon odat tusida.

Ajoyib misol bor: och qolgan bolaning yoniga kitob va nonni qo‘ysangiz, u shubhasiz nonni tanlaydi. Xuddi shu kabi topayotgan puli 3 mahal ovqat uchun yetmayotgan tarjimon ham millatni uyg‘otish haqida bong urayotgan va’zlaringizdan ko’ra 4 six shashlikni afzal ko‘radi. Unga tarjimaning sifatidan ko‘ra qorin g‘ami muhimroq. Quyida men bilan (aksariyat tarjimonlarda shu holat aslida) ro‘y berayotgan hangoma haqida gaplashamiz.

Bir nomi ulug‘, respublikadagi eng katta ko‘lamli nashriyotlardan biri uchun kitob tarjima qilib berdim. Loyihani topshirganimga 6 oydan oshdi. Qariyb 3 oy oldin nashrdan chiqdi u kitob. Men imzo qo‘ygan shartnomaga ko‘ra, agar u rostan ham shartnoma bo‘lsa, menga atalgan gonorar kitob sotuvga chiqqach to‘lab berilishi kerak edi. Havaskor tarjimon sifatida mehnatim uchun arzimagan pul so‘radim. Biroq uchinchi oy yakuniga yetyaptiki, men faqat nashriyotning bahonalari bilan oziqlanyapman.

Nega tarjimonlarga pul to‘lashmayotgani haqida so‘rasam, soliqdan katta miqdorda qarzdorligi (har holda mening nuqtai-nazarimga ko‘ra katta summa) bor emish nashriyotning. O‘sha qarzdorlik yopilgach, to‘lab berilarmish mening pulim (faqat o‘z nomimdan gapirayotganim uchun uzr, vaholanki, boshqalarni o‘ylaydigan ahvolda emasman hozir). Nashriyot qarzga kirganidan xafaman, lekin qarzingizni to‘lashni o‘z bo‘ynimga ololmayman, pulim o‘ndan biriga ham yetmaydi. Shartnomaning tarjimon degan bandiga qo‘l qo‘yganman, investor emas, ming bor uzr.

Umuman olganda, ko‘pchilikning yuragidan joy olgan ushbu nashriyotning oldingi va hozirgi holatini solishtirganda, ahvol anchayin achinarli, Bu meni ham ranjitmoqda. Vaqtida kerakli islohotlar olib borib, sifat ustida ishlanmasa, keyingi yillarda ahvol bundan ham yomonlashadi. Aysbergga ancha yaqinlashib qoldingiz, urilgandan so‘ng skripka chalgandan foyda bo‘lmaydi. Bu jamiyatimizda endi rivojlanib kelayotgan kitobxonlik darajasiga ham qattiq ta’sir qiladi. Eski saviyani qaytarishingiz barcha uchun birdek foydali. Qolgani sizning ishingiz. Mening esa adabiyot ravnaqi, jamiyat rivoji, millat kelajagi haqidagi balandparvoz gaplarga toqatim yo‘q hozir. Chunki qornim och, pulimni beringlar, iltimos! (umumiy 3 ta kitobni pulini berishingiz kerak)

P.S: Gap qaysi nashriyot va qanaqa kitoblar haqida borganini egalarining o‘zlari tushunib olishdi, deb umid qilaman. Balkim boshqa nashriyot va ularning mutasaddilariga ham tegib ketar fikrlarim. Nima bo‘lganda ham har qanaqa tahdidlar uchun telefonim 24 soat yoniq.

@di_abubakr