Get Mystery Box with random crypto!

Farg'onalik injener-mexanik Gulbahor Sultonova O'zbekistonda g | Neft va Gaz

Farg'onalik injener-mexanik Gulbahor Sultonova O'zbekistonda gaz yetishmovchiligi muammosini ilmiy tahlil qilishga urinibdi. Gap-so'zlaridan sohasini yaxshi tusunadigan mutaxassisga o'xshadi. Uning aytishicha, gaz yetishmovchiligi va energiya taqchillgini yo'qotishning yo'llaridan biri hududlarda gaz omborlarini qurishdir. Yozda gaz bosimi keragidan ortiq bo'ladi va ko'pincha, ortiqcha gaz isrof qilinadi.

Mana shu ortiqcha gazlarni omborlarda to'plab, qishda aholiga berilsa, bir emas, uchta O'zbekistonni to'liq gaz bilan ta'minlash mumkin, deydi Gulbahor opa. Shuningdek, buning natijasida qishda uy-joylarni isitishda elektrga bog'liqlik ham kamayib, energiya yetishmovchiligining ham oldi olinadi.

Ikkinchi katta muammo - infratuzilmaning ilmiy tahlil va rejalarga asoslanmagan holatda qurilgani. Mutaxassis fikricha, mamlakatning hech bir hududida gaz ta'minoti tizimi ilmiy tahlillar asosida barpo etilmagan. Tartibsiz va rejasiz tarzda gaz quvurlarini ulash va qurish natijasida gaz bosimini aholi ehtiyojlariga yetadigan darajaga chiqarib bo'lmaydi.

Ayrim joylarda esa katta bosimda kelayotgan gazni ko'tara olmaydigan quvurlar o'rnatilgan; natijada bosimni ko'tara olmaydigan quvurlardan gaz sizib chiqib, milliardlab so'm isrof bo'lmoqda, deydi Gulbahor opa. Uning aytishicha, isrof bo'lgan bu gaz undirilmagan qarzlar hisobiga qo'shib yuborilar ekan.

Gulbahor opaning gaplari yoshligimni esga soldi. Adashmasam, 9-10 yoshlarimda bizning qishloqqa gaz kelgan. Hamma o'zining uyidagi gaz pechkalari va isitish tizimlarini o'zi qiladigan bo'lgan. Gazni tortib kelish, ko'chalarga yotqizish xarajatlari o'rtada bo'lingan.

Bu qanday qilingani yaxshi esimda: gazni uzuq-yuluq, har xil razmerdagi trubalarni bir-biriga ulab tortib kelishgan, quvurlarni ko'tarib turadigan "stoyka"lar ham shu ahvolda. Ko'p o'tmay bu "stoyka"lar birin-ketin ag'anab tushishni ham boshlagan. Xullas, uyimizda hech qachon to'liq bir yil yetarli darajada gaz bo'lganini eslay olmayman. 1-2 yildan keyin yozda ham gaz kelishi taqa-taq to'xtagan. Shuncha mehnat, shuncha xarajat bir pul bo'lgan.

Bunaqa tartibsiz qurilgan tizimdan yana nimani kutish mumkin?

@bmamadiev