Get Mystery Box with random crypto!

LAYLATUL QADR KECHASI OʻQILADIGAN DUO. Arab tilida gunohni ke | Namoz ibodati

LAYLATUL QADR KECHASI OʻQILADIGAN DUO.

Arab tilida gunohni kechirish ma’nosida qo‘llaniladigan "a’fu" va "mag‘firat" so‘zlari Qur’oni karim va hadisi shariflarda bir qancha o‘rinlarda kelgan. Bu ikki so‘z o‘zbek tilida bir so‘z bilan "kechirish" ma’nosini anglatsada, arab tilining o‘zida ikki hil farqli mazmunni ifoda qiladi.

Mag‘firat so‘zi arab tilida "غَفَرَ" fe’li ma’nosida bo‘lib, "kechirish", "yashirish" va "berkitish" ma’nolarini bildiradi.

"A’fu" esa, "عَفا" fe’li ma’nosida bo‘lib, bu ham "kechirish" hamda "jazoni bekor qilish" ma’nolarini anglatadi. Qo‘llanishida bir-biriga yaqin bo‘lsada, "a’fu" "mag‘firat"dan ko‘ra kuchliroq mazmunni ifoda etadi.

Mag‘firat gunohni kechirish bo‘lsa, afu uni kechirish bilan birga bandaning gunoh amallari qatoridan ham o‘chirib, yo‘q qilish va boshqalarning esidan ham chiqarishdir. Yani, Alloh taolo bandaning gunohlarini afu qilishi Qiyomat kunida bandaga bu gunoh eslatilmasligi va amallar ro‘yxatidan ham olib tashlanishini anglatadi. Mag‘firat esa unday emas. Yani, hisob kunida o‘sha gunoh bandaning yodida bo‘ladi, unga eslatiladi, malomat qilinadi, ammo boshqalardan berkitiladi va unga o‘sha ishi uchun jazo berilmaydi.

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Oisha roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdam qadrni topsam nima aytishim kerak deganlarida Rosululloh sollallohu alayhi va sallam:

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

"Allohumma innaka a’fuvvun kariymun tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy".

deb aytgin deganlar.

Ya’ni, "Ey Allohim, sen afu va karim (sifatiga ega zot)san, afuni yaxshi ko‘rasan, meni afu etgin".

Ushbu hadisi sharifda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam duolar qabul bo‘ladigan Qadr kechasida afuni so‘rashni tavsiya qilyaptilar. Shundan ham afuning qanchalik biz gunohkor bandalar uchun zarurligini bilishimiz mumkin. Alloh taoloning bandalarini afu etishi bizga bo‘lgan O‘zining katta ne’matlaridandir.

Ramazon oyida, xususan Qadr kechasi topiladigan ushbu oxirgi o‘n kunlikda Alloh taolo O‘zining Afu sifati bilan barchalarimizning gunohlarimizni afu etishini so‘raymiz. Manba: Muslim_uz

@Namoz_ibodati