Get Mystery Box with random crypto!

​O‘QUVCHINI URMANG ( salgina hazil) Ustoz, zamona bejo, So‘zi | Boshlang'ich ta'lim

​O‘QUVCHINI URMANG
( salgina hazil)

Ustoz, zamona bejo,
So‘zimni aylang bajo,
Sizga bitta iltijo,
O‘quvchini urmangiz!

Egarlang g‘azablarni,
G‘ijimlang kitoblarni,
Jilovlang asablarni,
O‘quvchini urmangiz!

Ey, ichga yuting orni,
Chiqarmang ohu zorni,
Uring eshik, devorni,
O‘quvchini urmangiz!

Bo‘lmay ketsin, mayliga,
Kelmay ketsin, mayliga,
Bilmay ketsin, mayliga,
O‘quvchini urmangiz!

Hozir maqol urfdamas,
Etini-ku it yemas,
Suyagi ham sizgamas,
O‘quvchini urmangiz!

Holi bo‘ling tashvishdan,
O‘tolmay yozu - qishdan,
Bo‘shab ketasiz ishdan,
O‘quvchini urmangiz!

Hech nima deyolmaysiz,
Yolg‘ondan uyalmaysiz,
"Ikki" ham qo‘yolmaysiz,
O‘quvchini urmangiz!

Boshingizga ig‘volar,
Tushar ne-ne savdolar,
Telefoniga yozvolar,
O‘quvchini urmangiz!

Tildan chiqqan so‘z yomon,
Ayting, asli biz yomon,
U yaxshidir, siz yomon,
O‘quvchini urmangiz!

Ko‘ning zamon zayliga,
Bormang ko‘ngil sayliga,
Meni uring mayliga,
O‘quvchini urmangiz!

Yon-atrofga bir qarang,
Hammada asab tarang,
Qani tez uzr so‘rang,
O‘quvchini urmangiz!

Juda yaxshi bilasiz,
Ne yuraklar kuyganni.
Urib nima qilasiz,
Xudo urib qo‘yganni!

Ustoz, zamona bejo,
So‘zimni aylang bajo,
Sizga bitta iltijo,
O‘quvchini urmangiz!

O‘lmasbek Samarqandiy Yaxshi muallim-sifatli ta'lim «Muallima.uz» sahifalari Telegram| Sayt| Fecebook|Instagram