Get Mystery Box with random crypto!

Oziq-ovqat inqirozi Biz (shu jumladan, butun dunyo aholisi) h | Nodirbek Mukhammadjanov | Blog

Oziq-ovqat inqirozi

Biz (shu jumladan, butun dunyo aholisi) hali Rossiya boshlab qo'ygan harakatlarning "natijasi" qanday bo'lishini, bizni nimalar kutayotganini oxirigacha anglay olmayapmiz. Ko'pchilik buni bizga va uzoq mamlakatlarga qanday ta'siri bo'lishini haligacha tushunishmayapti.

Oziq-ovqatlar, zarur mahsulotlar borasida defitsit yuzaga kelishi kutilmoqda. Jarayon boshlanib bo'ldi deb ham bamalol ayta olamiz. Keling, buni oddiy shakar misolida izohlab beray. O'zbekiston bozorida shakar kamayib bormoqda. Oldin ichki bozorda shakar defitsit bo'lib qolsa yoki birdan qimmatlab ketsa, O'zbekiston yo Ukrainadan, yo Hindistondan qanchadir miqdorda shakar sotib olib, hammasi yana tartibga kelar edi.

Xo'sh, shakar defitsiti boshlanayapti, Hindiston bir hafta oldin O'zbekistonga shakar eksport qilishdan bosh tortdi. Nima qiladi eksport qilib, inqiroz yaqin, agar o'zidan ortsa, ertaga osmon narxda sotadi. Ukraina haqida gapirib ham o'tirmayman. Bor resurslarini urushni moliyalashtirish hamda iqtisodiyotini bir maromda ushlab turishga intilayotgan Rossiya ham hozir zaxira yig'gani ma'qul... Xo'sh, bu bir shakar edi.

Ammo asosiy muammo — g'alla, don mahsulotlari yetishmay qolganida boshlanadi. Hammasidan ham qashshoq mamlakatlar aziyat chekadi — ochlikdan halok bo'lish ko'rsatkichlari balandlaydi. Rossiya dunyodagi eng yirik g'alla eksportchisi hisoblanadi — butun dunyo ulushining deyarli 20%i Rossiyaga to'g'ri keladi. Endi shundoq ham bir qismi ochlikda yashayotgan dunyo aholisining 20%i ovqatdan mahrum qilinsa...

Urush paytida barcha resurslar yoppasiga, katta tezliklarda ishlatib tugatiladi — uning o'rni esa to'ldirilmaydi. Vayronagarchilikda zaxirani o'rnini to'ldirib bo'lmaydi.

Endigina COVID balosidan chiqayotgan dunyo — mana shu davrda o'z zaxirasi, resurslari hisobiga biroz oyoqqa turib olishi kerak edi. Ammo, shunday bir davrda urush boshlandi. Bizni inqiroz kutmoqda, azizlar. Tasavvur qiling, pulingiz bor — sotib olishga mahsulot yo'q. Bizda bu darajada bormasligi mumkin. Nisbatan qashshoq mamlakatlarda shunday holat yuz beradi. Bizda nima bo'ladi? Bizda narxlar oshadi. E'tibor bergan bo'lsangiz, shu oy birdan hamma narsaning narxi oshdi. Afsuski boshlanishi. Chunki asosiy inqiroz hali yil oxiri yoki keyingi yil boshlariga to'g'ri kelishi tahmin qilinmoqda.

Bu vahima emas. Shunchaki ertaga sarosimaga tushib qolmaslik uchun tayyorgarlik ko'rish kerak. Oziq-ovqat inqirozi zarbasi bizga ham ta'sir qiladi. Ammo ta'siri qanchalik bo'ladi — buni vaqt ko'rsatadi.

P.S. Vikipediyada allaqachon "Продовольственный кризис 2022" degan maqola paydo bo'lgan.

@ThePerfectionist