Get Mystery Box with random crypto!

#deport #bloger #Turkiya Sababsiz deportatsiya: Beknazar Ra | Migrant.uz axborot-xizmat portali

#deport #bloger #Turkiya
Sababsiz deportatsiya: Beknazar Rahmatovga Istanbuldagi Bosh konsulxona ham yordam bera olmadi

Turkiyada 4 yildan buyon ishlash ruxsatnomasi bilan yashaganiga qaramay, 28-may kuni Toshkentdan Istanbulga uchib kelgan bloger Beknazar Rahmatov maxsus xizmat vakillari tomonidan olib ketilgan.

Qizig‘i, butun boshli samolyotdan faqat Beknazar Rahmatovgina turk chegarachilarining nazariga tushgan. Beknazar O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi ham qo‘lidan kelgancha yordam berishga harakat qilgani, biroq oxir oqibat hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, hech qanday sababsiz ortga qaytarib yuborilganini yozgan.

Bloger hech qachon Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzmagani, doim ochiq faoliyat olib borganini ta’kidlab, turk chegarachilari harakatidan noroziligini bildirdi. U ikki oy ichida appelyasiya berish huquqidan foydalanishini ma’lum qildi.

2021-yilda bir guruh politsiya xodimlari blogerni qo‘lga olish uchun Beknazar Rahmatovning Istanbuldagi uyiga kelgan. O‘shanda Rahmatov deportatsiya markazida 35 kun o‘tirishga majbur bo‘lgan edi.

Rahmatov sudda o‘zining aybsizligini isbotlashga muvaffaq bo‘lganidan so‘ng, turk tomoni blogerdan kechirim so‘rashga va uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi.

Migratsiya masalalariga bag‘ishlangan qator nashrlarda joriy yilning mart oyidan beri Istanbulga kelgan 20-35 yoshli o‘zbekistonlik yoshlarning ayrimlari O‘zbekistonga qaytarilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Beknazar Rahmatov ham o‘zining telegram-kanalida ushbu holatlar haqida ma’lum qilib kelayotgan edi.

Bu xabarlardan so‘ng Turkiyada yashayotgan o‘zbeklarda xavotir uyg‘ondi. Shu yil may oyi boshida Toshkentga tashrif buyurgan Turkiya vise-prezidenti Jevdet Yilmazdan o‘zbekistonlik jurnalistlar o‘zbekistonliklarning Turkiyaga kiritilmagani holatlariga izoh berishni so‘radi.

Batafsil

Obuna bo‘ling
@migrantuz