Get Mystery Box with random crypto!

Mana yana bittasi Mayna tuxum ochdi bulbul inida, Chechaklar | MALIKOV ABDUG'AFFOR IJODI

Mana yana bittasi

Mayna tuxum ochdi bulbul inida,
Chechaklar undirdi ajnabiy tobut.
Ne uchun erk haqda o‘ylayman bunda,
Mustaqil bo‘lganku allaqachon yurt.

Yog‘iyga tegishli zabon ketsa ham,
Bu turkiy elat deb tanisa ham dun.
Haliyam boshimda dordek turibdi,
Sharifim bog‘lagan gajaksimon dum.

“Humolar uchmoqda ko‘kni to‘ldirib”,—
To‘ralar bermoqda so‘zlariga zeb.
Qafasda turgandek o‘ksindim nega,
Ana, tiniq osmon, ista, parvoz et.

Bu xalqning buguni hurram, dedi shoh,
Haqsiz deb alqadi xalqning shoiri.
Ne uchun hurramlik tuymayman unda,
Mening ham kechmishim xalqqa doirmi?

“Hokim so‘zi vojib, amal qilmoq farz,
Sabr”,—deydi mulla tugagach azon.
Bir kunda besh mahal uyg‘otib olib,
Bir umr uxlashga undaydi hamon.

Kimdir ko‘z tiksa ham, aniqki, millat,
Dushmanning yo‘lini to‘sishga qodir.
Ammo beklarining royiga boqsam,
Negadir ko‘zimdan yosh sizayotir.

Axir nima uchun ko‘nmaydi ko‘nglim,
Baxt deb yozay desam dard tomar oqqa—
Yoki bu millatning hurligi yolg‘on,
Yoki she’rlarimning bari safsata..

N.E.
may 2020