Get Mystery Box with random crypto!

#nazm MAKTUB Ona, kimlargadir ichikdim chog‘i, Qo | Oddiy fikrlar

#nazm

MAKTUB

Ona, kimlargadir ichikdim chog‘i,
Qovoqlarim kuyar ko‘zim yoshidan.
Dada, uzumlar ham pishib qolgandir,
Menga atab qo‘ying bitta shoxidan...

Ona, sen damlagan choylar qayoqda,
Menga hamroh mudom sovigan qahva.
Dada, shahar meni qaritdi biroz,
Qadrsiz umrimga bitib sarlavha...

Qonimni tomchilab ichyapti, ona,
Odamlar nafsidan ortmagan dunyo.
Dada, tushlarimda yo‘qlamay qo‘yding,
Tog‘dek qalbingdagi dog‘ edimmi yo?

Ona, anduhlarni kuylamay qanday,
Manim jon tomirim uzsa azoblar.
Dada, o‘lim haqda she‘r yozma deydi-
O‘limimni kutib yurgan kazzoblar...

Ona, sizga qanday malham bo‘lardim,
Xasta yuragimdan tomib tursa qon.
Dada, siz aytgandek halol yashadim,
Ko‘nglim ko‘chasida otmasa-da tong...

Ona, taqdir bilan yakkama-yakka
Shaharda bir o‘zim olishdim nechun?
Men sizdan bir umr qarzdorman, dada,
Lahzasi yillardan ortiq baxt uchun!

Ona, oyga qarab meni ko‘rmasang,
Kuyunma. Shaharda oy chiqmay qo‘ydi.
Dada, qo‘y. Toklarni o‘zim kesaman,
Men uchun onamni asrasang bo‘ldi!

Ona, kimlargadir ichikdim chog‘i,
Dada, uzumlar ham pishib qolgandir...

Xushnudbek Hodiyev