Get Mystery Box with random crypto!

Samolyotdagi taom halolmi? 2/2 2016-yili Toshkent xalqaro ae | Manfaat umidida . . .

Samolyotdagi taom halolmi?

2/2

2016-yili Toshkent xalqaro aeroportining "Ketering" boʻlimida yaʼni Toshkentdan uchadigan samolyotlarni oziq-ovqat bilan taʼminlovchi oshxonasida ikki sutka yollanma tarjimon boʻlib ishlaganman. Xalqaro anjumanda qatnashayotgan boshqa davlat rahbarining oshpazlariga yordam berish uchun. (Aytgancha, men hayotimda bunchalik jiddiy qoʻriqlanadigan joyga kirmaganman. Kirish-chiqishdagi nazorat judayam-judayam qattiq edi. Bu tadbirdan yaxshilik koʻzlangan deb umid qilaman, albatta.)

Ramazon oyiga toʻgʻri kelgan edi. Ish payti saharlik va iftorlikni ham oʻsha yerda oshxona xodimlari bilan birga qilardik. Dasturxonga reyslar uchun tayyorlanadigan turli taom va yeguliklardan tortilardi. Ilk kundanoq mening eʼtiqodimdan boxabar boʻlib qolgan bir xodim ogʻiz ochish yoki yopish payti dasturxondan nimani yeyish mumkin yo mumkinmasligi haqida past ovozda qulogʻimga shipshib qoʻyardi. Qizigʻi, qolgan roʻzadorlar oʻsha taomlarni yeyishardi. Naqadar oʻngʻaysiz bir holat. (Lekin nachora, u kishining ovozi pastlashiga qaraganda, u yerda boshqa gap bor boʻlsa kerak). Men esa tushungan odamning sadaqasi ketsang arziydi deb, xabar bergani uchun minnatdor boʻlib jim ovqatimni yerdim.

Keyinchalik xodimlardan soʻrab-surishtirib nega dasturxondagi hamma yegulikni ham yeb boʻlmasligining (va nega samolyotdagi taomga eʼtiborli boʻlish zarurligining) tagiga yetdim. U yerda turli davlatlardan keladigan turli mijozlarga xizmat koʻrsatilgani sababli qassobning qoʻlidan turli (!) goʻsht mahsulotlari oʻtarkan. Umumiy taomlar uchun umumiy goʻshtxona, halol menyu uchun esa alohida goʻshtxona bor ekan. Kim uchundir yoqimsiz tuyular, ammo men uchun bu juda mantiqiy yechimdek koʻringan. (Qayd etish lozim, halol luqma masalasi faqat ovqatning ichidagi goʻsht bilan cheklanmasligini Koreyada yashab bildik. Alloh nasib qilsa, bu haqida boshqa safar yana bafurja gaplashamiz.)

Xulosa shuki, agar halol menyuni alohida buyurtma qilinmasa, aeroport oshxonasida tayyorlanayotgan umumiy taomlarning goʻshtlarini 100% harom deya olmasak-da, biroz shubhali ekanligi aniq boʻlgandi. Ammo shubhali ekanligining oʻzi undan tiyilish uchun kifoya qiladi. Buni esa hozirgi zamonda aviakompaniya uchun tabiiy bir holat deb qabul qilganman, chunki muhimi tanlov imkoniyati mavjud. Faqat bu haqida siz bilsangiz va avvaldan harakatingizni qilib qoʻysangiz boʻldi: buning uchun bilet xarid qilayotganda sotuvchiga parvoz davomida halol taom istashingizni aytishingiz yoki odamiga qarab qatʼiy taʼkidlashingiz zarur.

Shunaqa gaplar. Safarlar insonga nelarni oʻrgatmaydi deysiz? Ilk safarimdan boshlab to hozirgacha qayerga bormay, albatta nimadir yangi narsa oʻrganaman va bu jarayon hech toʻxtamaydi. Shuning uchun ham safarning foydalari beqiyos. Musofirchilik — haqiqiy hayot maktabi! Musofirchilikda Alloh taolo bizga taʼlim bergan unutilmas hayotiy darslar ham oz emas, faqat bularni eslab yozib qoʻyish uchun tez-tez bir finjondan qahvalashib tursak boʻlarkan.

@javharuz