Get Mystery Box with random crypto!

24-mavzu MAJORITAR-PROPORSIONAL SAYLOV TIZIMINING O‘ZIGA XOS | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

24-mavzu

MAJORITAR-PROPORSIONAL SAYLOV TIZIMINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI


So‘nggi yillarda mamlakatimizda parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatida siyosiy partiyalarning rolini yanada kengaytirish, vakillik organlariga saylangan deputatlar va senatorlarning parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatidagi mas’uliyati va faolligini oshirish borasida demokratik o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2023-yil 18-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida o‘tkazish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. U siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi hamda siyosiy partiyalar mavqeining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizning 128-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar joriy yilda oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgi¬langan. Qonunchilik palatasiga saylovlar yangi qabul qilingan qonunga ko‘ra, aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Ya’ni, 75 nafar deputat majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanadi.

Majoritar saylov tizimi
Majoritar saylov tizimi deganda (fransuzcha «majorite» – ko‘pchilik so‘zidan), vakillik organlariga saylovlarda ovoz berish natijasini aniqlash tushuniladi. Bu saylov tizimida qonun bilan belgilangan ko‘p ovozni olgan nomzod mazkur okrug bo‘yicha saylangan hisoblanadi. Kam ovoz olgan nomzodlar uchun berilgan saylovchilar ovozi «yo‘qolib ketadi».

Majoritar saylov tizimi¬ning uch ko‘rinishi mavjud:
– malakali ko‘pchilik ovozli majoritar tizim eng kam uchraydigan tizim hisoblanib, bunda nomzod g‘alaba qozonishi uchun saylovchilarning malakali ko‘pchilik ovozini olishi zarur, ya’ni 2/3, 3/4 qism ovoz olishi talab etiladi;
– mutlaq ko‘pchilik ovoziga asoslangan majoritar tizimda berilgan ovozlarning umumiy sonidan mutlaq ko‘p ovoz, ya’ni 50 foiz +1 ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi.
– nisbiy ko‘pchilikning ovoziga asoslanuvchi majoritar tizim juda qulay hamda sodda tizim bo‘lib, bunda nomzodlarning nisbatan eng ko‘p ovoz olgani saylangan hisoblanadi.
Majoritar saylov tizimining ijobiy jihati – saylovchilar bevosita nomzodning shaxsiga e’tibor beradi, u bilan tanishadi, muloqotda bo‘ladi va faoliyati yuzasidan aniq nazorat o‘tkaza oladi.
Mazkur tizimda o‘tkazilgan saylovda g‘olib nomzodga yoki g‘olib partiyaga berilgan ovozlar miqdori asosan kamchilikni tashkil qiladi, eng achinarlisi, qolgan ovozlar hisobga olinmaydi. Bu esa majoritar saylov tizimining zaif jihatidir. Unda nomzod yoki partiya g‘alaba qozonish uchun saylovchilar ko‘pchiligining ovozini olishi lozim. Kamchilik ovoz olsa, nomzod yoki partiya hech qanday mandatga ega bo‘lolmaydi. Majoritar saylov tizimi AQSH, aksariyat Lotin Amerikasi mamlakatlari, Fransiya, Angliya, Hindiston kabi rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli qo‘llanmoqda.

Proporsional saylov tizimi
Proporsional saylov tizimi (lot. proportio — nisbat, mutanosiblik) majoritar saylov tizimidan bir asr keyin vujudga kelgan. Dastlab, XIX asr oxirida Shveysariyaning bir qator kantonlarida joriy qilingan, keyinchalik Belgiyada va 1906-yilda Rossiya imperiyasining bir qismi bo‘lgan Finlyandiyada qabul qilingan. Bugungi kunda ushbu saylov tizimi 60 dan ortiq mamlakatlarda mavjud bo‘lib, asosan G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida qo‘llaniladi.