Get Mystery Box with random crypto!

22-mavzu BOLALAR HUQUQI VA UNING IJTIMOIY KAFOLATI Bola hu | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

22-mavzu

BOLALAR HUQUQI VA UNING IJTIMOIY KAFOLATI

Bola huquqlari deganda irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, har bir bola ega bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq va erkinliklar tushuniladi. Xalqaro huquq normalarida 18 yoshga to‘lmaganlarning barchasi bola deb tan olingan.
Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, bugungi kunda uning to‘laqonli qonunchilik asoslari yaratilgan deyishimiz mumkin. Yurtimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Xususan, bola huquqlari va uning kafolatlarining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunlar hamda boshqa bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan.

Jumladan, Bosh qomusimizning 44-moddasiga asosan, bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan ta’lim olishi¬ga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlandi. Shuningdek, ilk bor Konstitutsiyamizning 50-moddasida ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi alohida mustahkamlandi. Eng muhimi, Konstitutsiyaga «Oila, bolalar, yoshlar» deb nomlangan yangi bob kiritilib, unda bolalarning maqomi yanada kuchaytirildi.

Xususan, 78-moddasida esa bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi alohida ko‘rsatilgan.

Mamlakatimizda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni doimo qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilishga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki yurtimizda bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz vorislari sifatida qadrlanib, mamlakatning bebaho xazinasi hisoblanadi.

Agar bolalarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va orzu- intilishlarini ro‘yobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilsa, ularda oldinga intilish, harakat bo‘ladi. Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan ushbu yangiliklar shubhasiz, farzandlarimizning har jihatdan sog‘lom, hur fikrli avlod sifatida kamolga yetishishiga xizmat qiladi.

Bola huquqlarini himoya qilish masalasi xalqaro hamjamiyat uchun hamisha dolzarb va muhim bo‘lib kelgan. BMT Bosh assambleyasi bu borada 1959-yil 20-noyabrda Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989-yil aynan shu kunda esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilgani ham buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

O‘zbekiston aholisining 40 foizini bolalar tashkil etganligi uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash, ayniqsa, ustuvor ahamiyatga ega. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992-yil 9-dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar ichida birinchi navbatda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani bejiz emas.

Davlatimiz o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilgan majburiyatlariga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirish¬da BMT shartnomaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga mazkur konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan shu mazmundagi 5 ta davriy ma’ruza taqdim etildi.