Get Mystery Box with random crypto!

19-mavzu TANQIDIY TAHLIL, QAT’IY TARTIB-INTIZOM VA SHAXSIY JA | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

19-mavzu

TANQIDIY TAHLIL, QAT’IY TARTIB-INTIZOM VA SHAXSIY JAVOBGARLIK – BOSH MЕZON

Bugungi globallashuv jarayoni har bir insondan, u davlat xizmatchisi yoki oddiy odam bo‘ladimi, zamon talabiga javob berishi, bilim va malakasini uzluksiz oshi¬rib borishini taqozo etmoqda. Huquq-tartibot idoralari, xususan, ichki ishlar organlari xodimlari uchun esa bu ikki karra muhim sanaladi. Negaki, ular doim xalq orasida bo‘ladi, turfa fe’l, turli kayfiyatdagi odamlar bilan muloqot qiladi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlarida xodimlarni xalqqa yaqinlashtirish, el dardi va tashvishi bilan yashashga, xizmat qilishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon, birinchi navbatda, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash¬ga qaratilgan.

Tizimda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasida jamoatchilik ta’siridan samarali foydalanishga qaratilgan bir qator amaliy chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Bunday ishlarni kelgusida yanada takomillashtirish, xizmat intizomini buzishga moyil bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan choralar qo‘llanilishida jamoatchilik ta’sirini keskin oshirish kerak. Bu borada zaruriy ishlar olib borilmoqda.

Soha xodimi ma’naviyati yuksakligi bobida ko‘pchilikka namuna, ibrat bo‘lishini zamon talab qilmoqda. Davr har birimizdan o‘zimizni tinimsiz taftish qilish, o‘z ustimizda muntazam ishlash, faoliyatimizni to‘xtovsiz takomillashtirishni taqozo qilmoqda. Shu bois xodimlardan muomala madaniyatiga rioya etish talab qilinadi. Shu o‘rinda xodimning ma’naviy qiyofasi ham muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidlash joiz. Chunki xodimning ma’naviyati yuksak bo‘lsa, xalq orasida obro‘-e’tibor qozonadi, mansab pog‘onalaridan yuqori ko‘tariladi.

Biroq «Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi» deganlaridek, soha xodimlari orasida nopok, shaxsiy manfaatini davlat manfaatidan ustun qo‘yadigan, fuqarolar bilan qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, Kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga rioya qilmaydiganlar ham yo‘q emas.

Ichki ishlar organlari xodimi bo‘lish, egniga xizmat libosini kiyish har kimga ham nisib qilavermaydi. Shu ma’noda xodim hech qachon davlat xizmatchisi ekanligini unutmasligi lozim. Xodimlar faoliyatining negizi esa adolat va halollikdir. Aynan adolat va halollik tantanasi soha vakillarini sharaflaydi va obro‘sini oshiradi.

Muomala madaniyati eng avvalo xodimlarning ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Xush¬muomala xodim deganda, o‘z kasbini ardoqlaydigan, vazifasini bekamu ko‘st bajaradigan, ma’naviy yetuk, odobli, bilimli, tajribali, o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bog‘lagan, mamlakat hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati va maqsadini teran anglagan holda uning faol ishtirokchisi sifatida o‘zini namoyon etadigan xodim tushuniladi. Ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilingan yosh xodimlardan ushbu ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirishlari talab etiladi.

Hozirgi davrda ichki ishlar organlarining xodimi kundalik hayotda insoniy munosabatlarning eng murakkab jarayonlariga kirib boradi. Xalq manfaatlari va taqdirlari bilan bog‘liq bo‘lgan o‘tkir mojaroli vaziyatlarda hakamlik vazifasini ado etadi. Shuning uchun uning kasb madaniyati adolatparvarlik, halollik, mehribonlik kabi olijanob fazilatlarni o‘z ichiga oladi. Xodimlarning asosiy vazifasi jamiyatga yot, huquqga zid axloqsizlik, noma’qulchilik kabi illatlarning yo‘lini to‘sish, insonlarning huquqlarini, qadr-qimmatini, or-nomusini, davlat va jamiyatning manfaatlarini himoya qilishdir.

Afsuski, keyingi paytlarda xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, ularni haqorat qilish, ularning xatti-harakatlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish orqali shantaj qilish holatlari uchrab turibdi. Internetda osoyishtalik posbonlarini obro‘sizlantirish, noxolis axborotlarni bo‘rttirib ko‘rsatish holatlari kuzatilyapti.