Get Mystery Box with random crypto!

Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatlarda favqulodda vaziyatlarda har | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatlarda favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Ya’ni, davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari, ishchi-xizmatchilarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bartaraf etish va fuqaro muhofazasi bo‘yicha bilimlarini izchil oshirib borish nazarda tutilgan. Shuningdek, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari, fuqaro muhofazasi tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga tayyorlash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lmaganlarni, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalarini favqulodda vaziyatlarda muhofazalanish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish, jamoaviy va shaxsiy himoya vositalari¬dan foydalanish qoidalari va usullariga o‘rgatish ham shular jumlasiga kiradi.

Eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri zilziladir. Yer qimirlashi ro‘y berganida, yerning yuza qismi uncha uzoq bo‘lmagan vaqt davomida tebranib turadi. Yer silkinish davri – silkinish yer qatlamining yuzasida va yaqin masofada bo‘lsa, bir necha soniya, chuqurroq va olisda bo‘lsa, 2–3 daqiqagacha davom etishi mumkin. Bu tebranishlar insonga noqulaylik tug‘dirib, qo‘rquvga tushiradi. Lekin yer silkinishining to‘xtashini kutishdan boshqa chora yo‘q. Bunday paytda sarosimaga tushmaslik, osoyishtalik va xotirjamlikni saqlash juda muhim.

Tabiiy ofatlarning yana bir dahshatlisi suv toshqinlaridir. Daryolarda iqlim omillari ta’siri, xususan, qorlarning erishi va jala bilan bog‘liq mavsumiy suv ko‘payishlari ro‘y berib turadi. Ayrim hollarda bunday toshqinlar tabiiy ofatlarga aylanib ketadi. Bunday suv toshqinlari ko‘plab odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keladi, muhim xo‘jalik obyektlarini muhofaza qilish uchun maxsus tadbirlarni o‘tkazish lozim bo‘ladi.
Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak. 2020-yilda Sardobadagi suv ombori to‘g‘onining 6-piket devoridan suv sizib chiqib, suv oqimi tobora kuchayib toshqin yuzaga kelgan.

Tog‘larning tik yonbag‘irlaridan qor massasining pastlik tomon ag‘darilib yoki sirpanib tushishiga tog‘ ko‘chkisi deyiladi. Baland tog‘larning ustiga ko‘p qor yog‘ib, uning qalinligi ortadi va o‘z og‘irlik kuchi ta’sirida zichlashib, qayta kristallanib, yonbag‘irlikka, pastlikka qarab osilib turadi va natijada uning qalinligi oshgan sari turg‘unligi susayib boradi.

Kuchli shamol va to‘fon insonlar hayotiga va iqtisodiyot tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazadigan ofatdir. Bu ofat uzoq davom etuvchi va buzish kuchiga ega. Kuchli shamolning paydo bo‘lishi, ya’ni atmosferada muvozanatning buzilishi natijasida havo oqimi juda katta tezlikda harakatlanib, ba’zi joylarda u aylanma harakatga kelib qoladi. Bunday ofat oqibatida odamlarning halok bo‘lishi, inshootlarning buzilishi, ekinzorlarning payhon etilishi kuzatiladi. Shuningdek, kuchli shamol esganda simyog‘ochlar, daraxtlar ag‘anaydi, uylarning tomlari buzilishi natijasida odamlar turli darajada jarohat oladi.

Yer ko‘chkisi ham aholiga jiddiy zarar keltiradi. Xususan, 1991-yilda Toshkent viloyati Angren shahri yaqinidagi Jigariston qishlog‘ida tabiiy-texnogen ofat natijasida aholining bir qismini ko‘chki bosib qoladi. Butun boshli oilalar yer ostida qoladi.

Iqlim ko‘rsatkichlarining tobora yomonlashib borayotganini insoniyat yerdagi resurslardan shafqatsizlarcha foydalanishni davom ettirayotgani bilan bog‘lash mumkin. Ko‘pchilik davlatlar tomonidan bu jarayon xavfsizlikka qarshi eng katta tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan ayanchli hodisalar ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini ishlab chiqishga yetarli darajada kuchli turtki berishi kerak. Yo‘qsa, keyinchalik juda kech bo‘lishi mumkin.