Get Mystery Box with random crypto!

Hamma narsa o‘zi aksiga bo‘ladi-da (erinmasdan oxirigacha o‘qi | Birga kitob o'qiymiz

Hamma narsa o‘zi aksiga bo‘ladi-da (erinmasdan oxirigacha o‘qisangiz...)

Sentabr oyida o‘tkazayotgan kitobxonlik tanlovimizda test boshlanganidan beri tushunmovchiliklar ko‘payib ketdi. Biz har doimgidek imkon qadar tanlovni adolatli, hamma uchun qulay tarzda o‘tkazishga harakat qilyabmiz. Ammo, bizga bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan ayrim faktorlar ham uchramoqda...

Telegramda shu kunlarda yangilanishlar ko‘paygan, misol uchun kechagina kanalda story qo‘yish funksiyasi qo‘shildi. Har bir yangilanish oldidan ilovani ishlashida qotib qolishlar kuzatiladi, botlar ishlamay qoladi. Aynan shu hodisa bizning test ishlash vaqtimizga to‘g‘ri kelib qoldi. Ba’zida testlarga kirmay qolish holati ham menimcha shu yangilanishlarga bog‘liq (chunki oldingi tanlovlarimizda bunday holat bo‘lmagandi).

Bundan tashqari, ushbu tanlovda barcha qatnashishiga imkon berilgan, bu esa tabiiyki yangi (talaba bo‘lmagan) ishtirokchilar ko‘payishiga sabab bo‘ldi va tanlovimizda ilk marta qatnashayotgan ishtirokchilar tanlov tartibiga yaxshi tushunishmadi (menimcha bunga o‘zlari aybdor, chunki tanlov nizomida barchasi yozilgan edi, aksar ishtirokchilar nizomni o‘qishga eringan).

Tashkilotchi jamoamda ham bu safargi tanlovda biroz muammolar bor. Ba’zi jamoamiz a’zolari o‘ziga yuklatilgan vazifani vaqtida bajara olmagani sababli ham ba’zi savollarda xatoliklar uchramoqda. Menimcha tashkilotchi jamoamizga yangi, ishtiyoqli, yangi a’zolarni olishimiz kerakdir...

Shu vaqtgacha o‘tkazgan 4 ta kitobxonlik tanlovlarimiz haqida ko‘pchilik ijobiy fikrda (1-tanlov; 2-tanlov; 3-tanlov va 4-tanlov). Asosiysi obunachilarimiz bizga ishonishadi, biz ham ularning ishonchini shu paytgacha suiste’mol qilmaganmiz va qilmaymiz ham. Bu tanlovda ham test ishlashning so‘nggi kunida hammaning natijalarini qayta hisoblaymiz va qaysidir savolga bot ball bermay ketgan bo‘lsa, ball qo‘shib beramiz, ko‘nglingizni cho‘ktirmang.

Tanlovimizda halol qatnashmaydigan ishtirokchilar doim topiladi, bu safargi tanlovda ham uchradi (“Halol luqma” kitobini o‘qib turib ham, tanlovda halol qatnashmasa bilmadim endi yana nima qilish kerak), shunchaki ularni kanalga e’lon qilmadim, o‘zlariga yozib chetlatildim. Tanlovda aksariyat ishtirokchilar moddiy manfaat uchun qatnashadi, qanaqqilib bo‘lsa ham yutib, usha qimmatbaho sovg‘ani olsa... Lekin har bir ishni javobi borligini unitishadi, menimcha...

Yuzaga kelayotgan kamchiliklar uchun barcha ishtirokchilardan tanlov bosh tashkilotchisi sifatida uzr so‘rayman. Tanlov o‘tkazish oson ish emas, ayniqsa, kamida 50 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashsa...

Lekin ayrim ishtirokchilarning tanlov o‘rinlari sotilgan, eplasalaring tanlov qillaring, qo‘lingdan kelmasa boshlab nima qilasan, baribir tanishlaring yutadi, tanlov adolatli bo‘lmayabdi degan fikrlari biz tashkilotchilarga, jumladan o‘zimga qattiq ta’sir qilyabdi. Hamma narsada chegara bor va bu muammolarning barchasini hal qilsa bo‘ladi. Sizning qo‘llab-quvvatlashingiz bo‘lmasa, faqat tanqidlar qattiq ta’sir qilyabdi. Men ham odamman, sabrni ham chegarasi bor...

Izzatxo‘ja Asomiddinov