Get Mystery Box with random crypto!

​​Oʻqituvchilikdan chiqqan milliarder “Mening badavlat otam b | ИННОВАЦИОН ТАЪЛИМ

​​Oʻqituvchilikdan chiqqan milliarder

“Mening badavlat otam boʻlmagan. Uch yil urinib universitetga kira olmaganman. Harvardga kirish uchun oʻn yil urindim, ular meni xohlashmadi. Oxir-oqibat oʻqituvchilar tayyorlaydigan kollej talabasi boʻldim. Oʻsha kezlarda ish topish muammo edi. 1994-yillarda oʻqituvchilar oʻn dollar evaziga bir oy ishlashga rozi edilar. Oʻttizta idoraning eshigini qoqib bordim. Birortasi meni ishga qabul qilmadi. Maktabda ingliz tilidan saboq berar ekanman, hayotimni oʻzgartirishga boʻlgan orzular menga tinchlik bermas edi. Shunda internet degan yangilik haqida eshitib qoldim. Koʻpchilik uning nimaligini bilmas edi. Men esa kun-tun oʻrgandim, unga oid manbalarni oʻqidim, istiqbolini oʻrgandim.

Shunda menda internet orqali buyurtma olib, Xitoyda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni yetkazib berishda vositachilik qiladigan kompaniya ochish fikri tugʻildi. Atrofimdagilar mening ustimdan kulishar, gʻalati va boʻlmagʻur fikrlar xayolimga qayerdan kelishini aytib, kalaka qilishar edi.

Ish boshlashim uchun bankdan uch ming dollar olishga uch oy vaqtim ketdi. “Alibaba” kompaniyasi toʻgʻrisidagi maqsadlarim xomxayol ekanini aytib, koʻplab sarmoyadorlar meni rad etishdi. Men oldinda meni ulkan muvaffaqiyat kutib turganini sezar edim. Qattiq mehnat qildim. Oxir-oqibat ming mashaqqat bilan oʻn sakkizta sarmoyadordan ellik ming AQSH dollari toʻplashga erishdim.

“Alibaba” uch yil mobaynida hattoki bir dollar ham foyda keltirmagan. Ammo meni nima ruhlantirgani qiziq boʻlsa kerak? Bu — bizga maktub yoʻllayotgan mijozlar edi. Ular hozircha bizga katta miqdorda toʻlov toʻlay olmasliklari, ammo bu ishimiz ulkan gʻoya ekani, kelajagimiz oldindaligini yozishar edi. Ular koʻpincha “Hozir bizga yordam bersangiz, biz kun kelib rivojlanamiz, oʻshanda biz sizga yordam beramiz, siz ham kuchli kompaniyaga aylanasiz”, deb yozishar edi. Kichik foydamiz, sekin-asta kattalasha boshladi.
Chindan ham, oʻn olti yil oʻtib, bizda hamma narsa bor edi: savdo platformalaridan tortib, elektron toʻlov tizimlari va dunyo boʻylab millionlab mijozlar va yetakchi mahsulot ishlab chiqaruvchilar.

Muvaffaqiyatli insonlardagi bosh umumiylik nima? Ijobiylik! Ular kelajak sari doimo ijobiy kayfiyatda borishadi. Ijobiylik odamga imkoniyatni yorqinroq koʻrishga yordam beradi. Bugungi yoshlarning koʻpi ish topa olmasligini pesh qilib nolishadi. Bu — xato! Atrofga qarang — biz imkoniyatlar asrida yashayapmiz! Sizning eng kuchli jihatingiz bor — siz yoshsiz! Bu imkoniyatlar orasida nimanidir boshqacha qila olishingizga ishonsangiz, bu toʻgʻrisida oʻqib-oʻrganishdan erinmang.

Haqiqiy tadbirkorlik — mehnat degani. Muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, boshqalar uxlab yotganda siz oʻrganing, tong saharda shahar uyqudaligida siz imkoniyatlaringizni kengaytirish uchun ertaroq uygʻoning. Hayotda yiqilishdan qoʻrqmaslik kerak. Ayniqsa, yoshlikda! Yiqilasiz, yana oyoqqa turasiz. Har qanday xato — beqiyos foyda!

Har bir inson uchun erta — bu zabt etilmagan kelajak. Olgʻa borish kerak, harakat qilish kerak. Atrofdagilar sizga ishonsa-ishonmasalar, siz oʻz orzularingiz roʻyobiga ishoning, jamoani bunga ishontiring!
Yashashni ham unutmang. Biz hayotga ishlash uchun emas, baxtiyor boʻlish uchun kelganmiz. Puldan qaygʻurmang! Agar siz orzularingiz ortidan quvsangiz, pul sizning ortingizdan quvadi!”

Maroqli suhbat va muvaffaqiyat sirlarini “Biz gʻalaba qozonamiz” kitobida oʻqing.

https://t.me/innovatsion_dars