Get Mystery Box with random crypto!

Koʻk boʻri kezgan sarhad itlarga talosh endi, Koʻtarilgan bosh | IMHO

Koʻk boʻri kezgan sarhad itlarga talosh endi,
Koʻtarilgan bosh emas, birgina quyosh endi,
Uchqun sochgan koʻzlarning topingani yosh endi,
Turkiy elning shiddati soʻnganga oʻxshayotir.

Sarbadorlar qonini sellar yuvib ketganday,
Millat uchun jon berar alpni devlar yutganday,
Ultontozlar kun sanab, e voh, shuni kutganday,
Elning kuni nomardga qolganga oʻxshayotir.

Yuz ellik yil otangni otganni ogʻa sanab,
Dili buzuq kelganning qadamiga gul qadab,
Yo, haq, deya yonganning mozoriga tosh qalab,
Saroyingga qargʻalar qoʻnganga oʻxshayotir.

Eldan chiqib elidan irganganlar koʻringay,
Oʻz tarixin oʻzgadan oʻrganganlar koʻringay,
Gʻujuri-yu zaboni oʻzgarganlar koʻringay,
Oʻz farzanding oʻzingni sotganga oʻxshayotir.

Kechang zavolga doʻndi, haykalday qotib boʻldi,
Sening bor nasibangni beklaring totib boʻldi,
Bugundan-ku ayrilding, ertangni sotib boʻldi,
Yoʻl koʻrsatar mayogʻing oʻchganga oʻxshayotir.

Burgut uchgan zovlarda quzgʻun bazm etmoqda,
Ildizingni kavshabon toʻngʻiz hazm etmoqda,
Ertangni belgilashga yotlar jazm etmoqda,
Qoshiq butun, qiliching singanga oʻxshayotir.

Kechagi yovqir nigoh bugun yerga qadalgan,
Vatan kutgan jasorat non topishga atalgan,
Boʻyin egik, qoʻl qadoq, tizzalaring qavargan,
Umid koʻzyosh shoʻridan soʻlganga oʻxshayotir.

Uygʻotay deb kelgan ul bahorlar bekor ketar,
Har tongda quyosh turtib, har shomda bezor ketar,
Boʻgʻzin yirtib shoirlar ming hayqirib, xor ketar,
Alloh, bu xalq shu holga koʻnganga oʻxshayotir.
Turkiy elning shiddati soʻnganga oʻxshayotir.

Manba: https://t.me/Najmiddin_Ermatov

She'r muallifi: Najmiddin Ermatov

@imho_my