Get Mystery Box with random crypto!

O'zbeklar tarbiyasizMI? Yoshligimdan olimpiyadalarda, musoba | iDev Blog

O'zbeklar tarbiyasizMI?

Yoshligimdan olimpiyadalarda, musobaqalarda qatnashganman. Doimo shpargalka, telefon opkirganla bilan janjal, to'polon, urishlani guvohi bo'lganman. Joy talashishlar, qo'polliklar, mensimay qarashlar men uchun normal holdek edi. Odamlar samimiy emas, sen sal sodda ko'rinsang darrov seni haqqingni yegisi keladi. Butun dunyoda hamma shunaqa deb o'ylardim. 

Koreyaga kelganimda ikkinchi oydayoq TOEIC topshirdim. Zalda hammasi koreyslar va faqat men chet ellikman. Boshlashdan avval "Telefonlaringni topshiringlar" dedi. Navbat bilan, ketma-ket, tartib bilan demadiyam. Keyin hamma bir chekkadan birma-bir qator-qator bo'lib navbatga turishni boshladi. O'ta tartib bilan telefonlar topshirildi. Keyin sumkalar ham shunaqa tartibda oborib qo'yildi. Men bunaqasini ko'rmaganman.

Nazoratchi baqirmadi, asabiylashmadi, hech kim bir-birini itarmadi, hammasi o'ta sokin va tartibli. Men esa shokdaman. Taksilar ham navbat bilan odam oladi, taksiga navbatda turiladi, avtobusga navbat, kirish eshiklarini sizga ochib berishadi, yuzizga tikka qarashmaydi.

O'zbeklar esa shu yerda ham asosan qonunbuzar bo'lib tanilgan afsuski. Men O'zbeklarni hammasi ilmli, insofli, tarbiyali, iymonli, boy bo'lishini xohlayman. Bizni davlatga kelib ishlasin boshqalar, biz ish beruvchi bo'laylik, biz ertaga bolalarimizga chiroyli Vatan qoldiraylik. Buning uchun bugundan biz madaniyatli, samimiy va tartibli bo'lishimiz kerak. Shunchaki INSON bo'laylik. "O'zbekman" deb faxrlanib ayta olishni xohlayman.

Bilasizmi TOEICdan 980 bal olganim universitetda judaaa shov-shuv bo'ldi. Avval ham kimdir bunaqa yuqori bal olgan. Aslida hammani hayrati balni yuqoriligida emas. Meni O'zbekligimda edi. "O'zbeklardayam borakan" deb meni arzimagan sertifikatim ovoza bo'ladi deb o'ylamagandim.

Biz o'zbeklar juda ko'p narsaga qodirmiz. Uyg'onish payti keldi. Butun umringizni dang'illama to'y, "odamlar nima deydi" deb qurilgan qasrlar uchun, allakimlarni hayotiga havas qilib orzu daftari yozib o'tkazadigan payt emas hozir. 2 soatlik Millionni konsertini ko'radigan payt emas hozir, aynan hooozir biz qaynonamizni, qayni opamizni g'iybatini qiladigan paytimiz emas...

Biz ilm olishimiz, o'zimizdan o'zini anglagan, ilmli, aqlli avlod qoldiradigan paytimiz. UYG'ONINGLAR O'ZBEKLAR. Qachongacha bizni hamma oyoq uchida ko'rsatadi. Ming yil oldin yashab o'tgan Beruniy, Navoiy, Farobiy bilan og'iz ko'pirtirib maqtanib shu ahvoldamiz. Endi o'zingiz bilan maqtanadigan paytingiz. UXLAMANG.

Qo'shningiz och bo'lsayam, million million to'yga sarflaysiz, bir-birini haqqini yeyishga tayyor odamlar. Yetimni haqqini, sodda odamni haqqini indamay yutadigan odamlar. Allohdan qo'rqing.

INSON bo'laylik.

P.s Bu post juda jahl bilan yozildi. Meni yillar davomida O'zbeklar eng insofli xalq deb tarbiyalagan ustozlarimga jahlmi, "O'zbekman" desam noto'g'ri qarashni boshlagan Turkiyadagi insonlarga jahlmi, "O'zbeklar nimaga unaqa tartibsiz, tarbiyasiz" deb so'ragan qo'shni xolaga jahlmi bilmayman...
@Sojida_Karimova