Get Mystery Box with random crypto!

“Imom Buxoriy” ordeni ta’sis e’tiladi Senatorlar tomonidan “I | Tasmiya

“Imom Buxoriy” ordeni ta’sis e’tiladi

Senatorlar tomonidan “Imom Buxoriy” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

“Imom Buxoriy” ordeni ikki darajadan iborat bo‘ladi: “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni hamda “Imom Buxoriy” ordeni.

“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan:

– ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishganligi uchun:

– xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;

– xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;

– xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari, shuningdek xorijiy arboblar va olimlar;

– mamlakatimizning atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, atoqli olimlar, adiblar, pedagoglar va ilmiy tadqiqotchilar mukofotlanadi.

“Imom Buxoriy” ordeni bilan:

–   ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari;

–     yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan tarixiy merosimizni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashdagi samarali mehnati;

–  mamlakatimizdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalalarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishdagi faoliyati;

–  «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan g‘arazli tahdid va harakatlarning oldini olish, bunday xatarlarga qarshi kurashishning ilmiy-ma’rifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qo‘llash borasidagi xizmatlari;

– islom sivilizasiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz ma’naviyati va madaniyati rivojida tutgan o‘rni hamda ahamiyatini o‘rganib, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etishdagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadi.

–   “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan boshqa shaxslar ham ilm-ma’rifatni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.

Senatorlar ushbu ordenni ta’sis etish to‘g‘risidagi Qonunni ma’qulladi.

@m_kenjabek

@Husnora_Axadova