Get Mystery Box with random crypto!

Ron Uizli “ikkinchi sort” odami “Garri Potter” asarini o‘qiga | Ilyos Safarov

Ron Uizli “ikkinchi sort” odami

“Garri Potter” asarini o‘qigan, kinosini ko‘rgan odam biladiki, Ron hech qachon o‘zidan qoniqmagan sifatida gavdalanadi. Buning sababi nimada? Bittagina o‘zi tomonidan gapirilgan gap u nima uchun o‘zidan qoniqmasligi, mukammal bo‘lishga intilishi ochib berilgan:

“Beshta akam bor. Men oltinchiman. Endi men ham ular kabi zo‘r bo‘lish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishim kerak. Bill maktabning eng yaxshi o‘quvchisi edi, Charli kviddich o‘ynar va sardorlik bog‘ichi unda edi. Persi esa sinf sardori, Fred va Jorj shumliklar qilsa ham ularning baholari yaxshi, barcha ularni yaxshi ko‘radi. Endi esa hamma mendan ulardek eng yaxshilardan bo‘lishimni kutishadi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda ham hech narsa o‘zgarmaydi, axir men eng kichigiman. Demak, men ulardan ham yaxshiroq bo‘lishim kerak, bu qo‘limdan kelmaydi deb o‘ylayman”.

Oxirgi jumlaga e’tibor bersangiz, Ronda o‘ziga nisbatan ishonchsizlik yuqori. Chunki unga onasi akalarini o‘rnak qilib ko‘rsataverganidan, u o‘zini “ikkinchi sort” odami deb his qila boshlagan. U akalaridek, balki ulardan yaxshiroq bo‘lish uchun harakat qilishni hayotdagi maqsad deb o‘ylaydi. O‘zi bo‘lib qolishni unutadi. Kamiga yonidagi Germiona barcha fanlarda undan yaxshiroq o‘qiydi, Garri esa kundan-kunga mashhurroq bo‘lib boradi. Ronga bu ham bosim beradi. Shu tariqa u o‘zligini unutadi.

Juda ko‘p insonlarda o‘zini “ikkinchi sort” odami deb hisoblashni kuzatishimiz mumkin. Yaqinlari ularga boshqalarni o‘rnak qiladi, ulardek bo‘lish talabini qo‘yadi, taqqoslayveradi. Natijada, inson o‘zidan qoniqmay qo‘yadi. Bu fojia.

Ota-onalar farzandlariga o‘zlari bo‘lishiga qo‘yib berishi kerak. Kimdandir o‘tib ketish talabi, kimnidir o‘rnak qilishi bolaga yomon ta’sir qiladi. U hayotda musobaqalashishga harakat qilib, umrini bekorga sarflaydi. O‘zidan qoniqmay qo‘yadi. Rouling Ron Uizli misolida shunday insonlarga murojaat qilgandek, go‘yo.

bookipediya